O‘zbekistonga uchinchi “Hyundai Rotem” tezyurar poyezdi olib kelindi
O‘zbekistonga uchinchi “Hyundai Rotem” tezyurar poyezdi olib kelindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Temiryo‘lkargo” AJ tomonidan Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan uchinchi “Hyundai Rotem” tezyurar yo‘lovchi poyezdi O‘zbekistonga muvaffaqiyatli yetkazib berildi, deb xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.
Shu tariqa, mamlakatimiz temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida olib kelinayotgan zamonaviy poyezdlarning navbatdagi tarkibi ham belgilangan manzilga yetib keldi.
Poyezd “Janubiy Koreya — Xitoy — Qozog‘iston — O‘zbekiston” multimodal transport yo‘nalishi orqali tashildi. Loyihani amalga oshirish jarayonida dengiz, avtomobil va temir yo‘l transporti imkoniyatlari yagona logistika zanjiriga birlashtirildi.
“Temiryo‘lkargo” AJ xalqaro logistika operatori sifatida tashuvlarni ishlab chiqaruvchi zavoddan O‘zbekistondagi yakuniy manzilgacha “eshikdan-eshikkacha” tamoyili asosida tashkil etdi.
Uchinchi tezyurar poyezdning mamlakatimizga olib kelinishi temir yo‘l transporti xizmatlari sifatini yanada oshirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni kengaytirish hamda ichki turizmni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.