O‘zbekistonda texnikumlar milliy reytingi joriy etildi
O‘zbekistonda texnikumlar milliy reytingi joriy etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘rta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini shakllantirish tartibini hamda ularni rag‘batlantirish tizimini belgilaydigan idoralararo normativ-huquqiy hujjatni ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Hujjat 3816-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, 2026 yil 15 aprel sanasida qabul qilingan.
Texnikumlar va akademik litseylarning milliy reytinglari Taʼlim sifatini taʼminlash agentligi tomonidan alohida yuritiladi.
Milliy reyting maʼlumotlari quyidagi manbalardan shakllantiriladi: vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridagi maʼlumotlar, taʼlim tashkilotlari tomonidan kiritiladigan hujjatlar va umummilliy so‘rovnoma natijalari.
Har yili 10 oktabrga qadar o‘tgan yil uchun milliy reyting natijalari eʼlon qilinadi.
Bunda, har yili 30 mayga qadar o‘quvchilar, pedagoglar va ish beruvchilar o‘rtasida umummilliy so‘rovnoma o‘tkaziladi.
Milliy reytingda eng yuqori o‘rinlarni egallagan 50 ta texnikum BHMning 3 000 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi hamda rag‘batlantirish to‘lovi sifatida ajratilgan mablag‘larni quyidagi maqsadlar uchun yo‘naltirishga ruxsat beriladi: 80 foiz – moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va 20 foiz – rahbar va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish.