O'zbekistonda inson huquqlari loyihasi muhokama qilindi

O'zbekistonda inson huquqlari loyihasi muhokama qilindi

O'zbekistonda inson huquqlari loyihasi muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligida BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda huquq ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish” loyihasi doirasida milliy hamkorlar va benefitsiarlar ishtirokida qo‘shma uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda adliya vazirining o‘rinbosari M.Ikramov, Finlyandiya TIV vakili Katya Hirvonen, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari B.Narimanov, shuningdek, vazirlik va idoralar mas’ullari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda loyiha benefitsiarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida loyiha doirasida erishilgan natijalar, xususan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar muhokama qilindi.

Xususan, so‘nggi yillarda 2 milliondan ortiq fuqarolarga bepul yuridik yordam ko‘rsatilgani, ushbu yo‘nalishda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani qayd etildi.

Shuningdek, loyiha doirasida seminar, trening va davra suhbatlari, xalqaro konferensiyalar tashkil etilib, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda kichik grantlar dasturi doirasida amalga oshirilgan loyihalar natijalari, xususan ayollar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha erishilgan yutuqlar va mavjud muammolar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Mazkur loyiha O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling