O‘zbekistonda bolalarni tashish bo‘yicha 170 ta qoidabuzarlik aniqlandi

O‘zbekistonda bolalarni tashish bo‘yicha 170 ta qoidabuzarlik aniqlandi

O‘zbekistonda bolalarni tashish bo‘yicha 170 ta qoidabuzarlik aniqlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari 1–12 may kunlari o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida maktabgacha yoshdagi bolalarni noqonuniy va xavfli tarzda tashish bilan bog‘liq 170 ta holatni aniqladi. Bu haqda yo‘l-patrul xizmati reydlari davomida maʼlum qilindi.

Idora maʼlumotiga ko‘ra, mazkur holatlarda 3872 nafar bola yo‘l harakati qoidalari buzilgan holda tashilgan va ularning hayoti hamda sog‘lig‘iga real xavf tug‘dirilgan. Aniqlangan faktlar bo‘yicha ota-onalar va masʼul shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan choralar ko‘rilmoqda.

Alohida qayd etilishicha, aniqlangan qoidabuzarliklar orasida haydovchilik guvohnomasisiz transport boshqarish, shuningdek ilgari haydovchilik huquqidan mahrum qilingan shaxslar tomonidan bolalarni tashish holatlari ham uchragan. Ayrim hollarda esa mast holda transport boshqarish holatlari ham qayd etilgan.

Misol sifatida mamlakatning bir qator hududlaridagi holatlar keltirilgan. Xususan, Buxoro viloyatida bolalar mast holdagi haydovchiga ishonib topshirilgani aytiladi. Sirdaryo viloyatida esa haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxs 23 nafar bolani Damas avtomobilida maktabgacha taʼlim muassasasiga olib borayotganda ushlangan. Namangan viloyatida esa haydovchilik guvohnomasisiz shaxs 18 nafar bolani tashib, qarama-qarshi yo‘lakka chiqqan holda YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Shuningdek, Navoiy viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida voyaga yetmagan yo‘lovchilar jarohat olgani qayd etilgan. Idora taʼkidlashicha, bunday holatlar bolalarni tashish qoidalariga rioya etmaslik qanchalik yuqori xavf tug‘dirishini ko‘rsatadi.

YPX xodimlari ota-onalar va taʼlim muassasalari masʼullarini bolalar xavfsizligiga jiddiy eʼtibor qaratishga hamda belgilangan talablarga zid holda tashishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu yo‘nalishdagi nazorat reydlari davom ettiriladi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling