O‘zbekistonda 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan taʼlim tizimi muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida 3 sentyabr kuni davlat boshqaruvi va taʼlim islohotlari masalalari bo‘yicha xalqaro ekspert Jonatan Sleyter bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muhokamalarda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi vakillari ham ishtirok etdi.
Sleyter Buyuk Britaniya Taʼlim departamentining sobiq doimiy kotibi bo‘lib, davlat boshqaruvi va taʼlim islohotlari sohasida 35 yildan ortiq tajribaga ega. Hozirda u O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Suma Chakrabartining davlat boshqaruvi va maʼmuriy islohotlar masalalari bo‘yicha konsultanti sifatida faoliyat yuritadi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida maʼlumot berildi. Ular taʼlim tizimining sifati va samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda uning innovatsion salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Ishtirokchilar aholining oliy taʼlim bilan qamrovi oshgani, taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlari jadallashgani va mamlakatning innovatsion salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni taʼkidladilar. Shuningdek, O‘zbekiston Global innovatsiyalar indeksida 79-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilik mavqeini saqlab qolgani qayd etildi.
Tomonlar maktabgacha, maktab va oliy taʼlim o‘rtasidagi uzviylikni taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratdilar. Jumladan, maktabgacha taʼlimdan 9-sinfni tamomlagunga qadar bo‘lgan davrni qamrab oladigan uzluksiz kasbga yo‘naltirish tizimini joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilarining fikricha, bunday tizimni rivojlantirish yoshlarni kelajakdagi kasbiy faoliyatga tayyorlash hamda taʼlim va kasbiy yo‘nalishlarni ertaroq belgilash uchun muhim ahamiyatga ega.
Asosiy mavzulardan biri 2026–2030 yillarda taʼlim tizimini rivojlantirishning ustuvor vazifalari va xalqaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘ldi. Tomonlar taʼlim sifatini taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirish, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda akkreditatsiya tizimini rivojlantirish va O‘zbekiston oliy taʼlim tashkilotlarining xalqaro raqobatbardoshligini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, xorijlik talabalarni O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalariga yana-da ko‘proq jalb qilish hamda mamlakatning xalqaro taʼlim makonidagi nufuzini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekistonda dunyodagi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarining filiallarini tashkil etish istiqboli muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida xalqaro tajribani o‘rganish va ilg‘or yondashuvlarni milliy taʼlim tizimiga moslashtirish muhimligi taʼkidlandi. Ishtirokchilar taʼlim sifatini va boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida hamkorlikni izchil davom ettirish zarurligini ham qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish va istiqbolda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr va takliflar almashildi.