O‘zbekiston va Jongshan biznes hamkorligini kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Jongshan biznes hamkorligini kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Xitoy Xalq Respublikasining Jongshan shahar xalq hukumati delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlarni Palata raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Kurbanov qabul qildi. Uchrashuvda Palata raisi maslahatchilari Alisher Shayxov va Jamil Maksudi ham ishtirok etdilar.
Jongshan shahri Xitoyning Guandun provinsiyasida joylashgan yirik sanoat va eksport markazlaridan biri hisoblanadi. Shahar elektr jihozlari, maishiy texnika, mebel, to‘qimachilik va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Jongshan tarkibiga kiruvchi Guchjen aholi punkti esa «Xitoyning yoritish poytaxti» sifatida mashhur bo‘lib, mamlakat ichki yoritish uskunalari bozorining qariyb 70 foizini taʼminlaydi. Bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlar 140 dan ortiq mamlakat va hududlarga eksport qilinadi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport hajmini oshirish, hududlararo sheriklikni rivojlantirish va tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, biznes missiyalari va ko‘rgazmalar tashkil etish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirish, istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish hamda O‘zbekiston va Jongshan ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.