O‘zbekiston va JAR savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Janubiy Afrika Respublikasi savdo, sanoat va raqobat vaziri Parks Tau bilan videokonferensiya o‘tkazdi. Unda tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri O‘zbekiston kompaniyalarining Janubiy Afrikaga biznes-missiyasini tashkil etishga tayyorgarlik bo‘ldi. 2026 yil kuzida O‘zbekistondan 50 ga yaqin korxona Yoxannesburg shahriga borishi rejalashtirilmoqda. Ular uchun Janubiy Afrika biznesi vakillari bilan B2B formatida manzilli uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Tomonlar, shuningdek, ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish mexanizmlaridan biriga aylanishi kerak bo‘lgan Hukumatlararo komissiyani tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralar doirasida savdo va investitsiyalarni himoya qilish sohalarida bitimlar tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim ustida ish boshlash imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Videokonferensiya yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va JAR qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishni davom ettirish hamda istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib oldi.