O‘zbekiston Perudan firibgarlik ishi bo‘yicha shaxsni ekstraditsiya qildi
O‘zbekiston Perudan firibgarlik ishi bo‘yicha shaxsni ekstraditsiya qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonga Peru davlatidan yirik miqdordagi firibgarlik ishi bo‘yicha Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan Turkiya Respublikasi fuqarosi ekstraditsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistondagi Interpol Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Idora maʼlumotiga ko‘ra, operatsiya Toshkent va Lima shaharlaridagi Interpol Milliy markaziy byurolarining muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida amalga oshirilgan. Unda O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Xalqaro-huquqiy departamenti va Peru Adliya vazirligi ishtirok etgan. Shuningdek, ekstraditsiya jarayonida tranzitni taʼminlashda Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklari vakolatli organlari ko‘mak bergani qayd etildi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi Peru hududida yashirinib yurgan va xalqaro qidiruv tadbirlari doirasida qo‘lga olingan. Uning ekstraditsiya qilinishi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismiga muvofiq qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, mazkur modda yirik miqdordagi firibgarlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Interpol Milliy markaziy byurosi taʼkidlashicha, mazkur ekstraditsiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xalqaro hamkorligi samarasi bo‘lib, Interpolga aʼzo davlatlarning transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashdagi samarali hamkorligini tasdiqlaydi.
O‘zbekistonga topshirilgandan so‘ng, ekstraditsiya qilingan shaxs Interpol Milliy markaziy byurosi va Bosh prokuratura xodimlari kuzatuvida mamlakatga olib kelindi. Unga nisbatan milliy qonunchilikka muvofiq keyingi protsessual harakatlar o‘tkazilib, jinoiy javobgarlikka tortiladi.