O'zbekiston ITC bilan agrar islohotlarni muhokama qildi
O'zbekiston ITC bilan agrar islohotlarni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro Savdo Kengashi bosh iqtisodchisi Tristan Evans bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida agrar sohada ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, zamonaviy yondashuvlar va innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar sohani raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qo‘llash hamda boshqaruv samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ta’minot zanjirining shaffofligini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va eksport salohiyatini yanada kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama markazida bo‘ldi. Bu yo‘nalishdagi islohotlar xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh agrar tizimni shakllantirishda muhim omil ekani ta’kidlandi.
Muloqot davomida qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va agrar tarmoqni barqaror rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.