O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekiston Gruziyada o‘z port infratuzilmasini yaratadi

UzDaily tahririyati · 06.07.2026 · 18:30 · 27 views
O‘zbekiston Gruziyada o‘z port infratuzilmasini yaratadi

O‘zbekiston Gruziyada o‘z port infratuzilmasini yaratadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Gruziyada o‘zining port infratuzilmasini barpo etadi hamda xalqaro avtomobil tashuvlari uchun ruxsatnomalarni elektron shaklda almashish tizimiga to‘liq o‘tadi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi kelishuvlarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan hafta Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida erishilgan.

Muzokaralarning asosiy natijalaridan biri ikki mamlakat o‘rtasida, shuningdek, uchinchi davlatlarga amalga oshiriladigan avtomobil tashuvlarida ruxsatnomalarni to‘liq elektron shaklda almashish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi.

Vazirning taʼkidlashicha, elektron tizimning joriy etilishi jarayonlarning shaffofligini taʼminlaydi, hujjatlarni rasmiylashtirish muddatini qisqartiradi hamda tashuvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Uning maʼlum qilishicha, ayni paytda o‘zbekistonlik avtotashuvchilarning 60 foizdan ortig‘i xalqaro tashuvlarda Gruziya yo‘nalishidan foydalanmoqda.

Tomonlar, shuningdek, Gruziya temir yo‘llari rahbariyati bilan tarif imtiyozlari tizimini kengaytirishga kelishib oldi. Ilgari olti davlatni bog‘lovchi CASCA+ xalqaro transport yo‘lagi bo‘ylab konteyner tashuvlarigacha 70 foizlik chegirmalar tatbiq etilgan bo‘lsa, endilikda ushbu imtiyozlar temir yo‘l vagonlarining boshqa turlariga ham qo‘llaniladi.

Port infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ilhom Mahkamovning aytishicha, O‘zbekiston va Gruziya Gruziyaning dengiz portlarida O‘zbekistonning o‘z port infratuzilmasini yaratishga kelishib oldi.

Loyihani amalga oshirish uchun yirik ekspeditorlik kompaniyalari konsorsiumini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu konsorsium o‘zbekistonlik eksportyorlar va importyorlar bilan hamkorlikda port infratuzilmasi obyektlarini qurish ishlarini amalga oshiradi.