O‘zbekiston aholisi 38,5 milliondan oshdi, tug‘ilishlar 32 mingga kamaydi
O‘zbekiston aholisi 38,5 milliondan oshdi, tug‘ilishlar 32 mingga kamaydi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 38 mln 519,5 ming nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga ko‘pdir, deb xabar qildi Milliy statistika qo‘mitasi.
Shundan shahar aholisi 19 mln 608,9 ming nafarni (50,9 foiz), qishloq aholisi esa 18 mln 910,6 ming nafarni (49,1 foiz) tashkil qildi. Ayollar aholining 49,6 foizini (19 mln 118,9 ming nafar), erkaklar esa 50,4 foizini (19 mln 400,6 ming nafar) tashkil etdi. Aholi zichligi har bir kvadrat kilometrga 85,8 nafarga yetdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 84,3 nafarni tashkil etgan edi.
Hududlar kesimida eng yuqori aholi o‘sishi Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida qayd etildi — har ikkisida ham 2,1 foizni tashkil qildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi soni eng kam o‘sib, 1,0 foizni tashkil etdi.
2026 yil yanvar–iyun oylarida mamlakatda 373,4 ming nafar chaqaloq tug‘ildi. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 32,1 ming nafarga kamdir. Tug‘ilish koeffitsiyenti har ming aholiga 19,6 promilleni tashkil qildi.
Vafot etganlar soni 2,8 ming nafarga oshib, 86,9 ming nafarga yetdi. O‘lim koeffitsiyenti har ming aholiga 4,6 promilleni tashkil qildi. Yarim yillik yakunlari bo‘yicha aholining tabiiy o‘sishi 286,5 ming nafarni tashkil etdi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 51,7 foizi o‘g‘il bolalar, 48,3 foizi qiz bolalar bo‘ldi. Shuningdek, tug‘ilgan bolalarning 51 foizi qishloq joylarida dunyoga kelgan. Vafot etganlarning 55,6 foizini erkaklar tashkil etgan bo‘lsa, vafot etganlarning 54,4 foizi shahar joylarida yashagan.
Yanvar–iyun oylarida 92,3 mingta nikoh qayd etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,0 mingtaga kam. Ajralishlar soni esa 1,5 mingtaga oshib, 24,8 mingtani tashkil qildi. Nikoh koeffitsiyenti har ming aholiga 4,9 promille, ajralish koeffitsiyenti esa 1,3 promilleni tashkil etdi. Nikohlarning 51,1 foizi shahar joylarida tuzilgan bo‘lsa, ajralishlarning 60,1 foizi ham shaharlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yarim yil davomida respublika bo‘yicha jami 185,6 ming nafar kelganlar qayd etildi. Ulardan 183 921 nafari hududlar o‘rtasidagi ichki migratsiya hisobiga, 1 649 nafari esa xorijdan kelgan. Shu davrda 189,3 ming nafar ketganlar qayd etilgan bo‘lib, ulardan 5 422 nafari mamlakatni tark etgan.
Ichki migratsiya bo‘yicha eng katta oqim Toshkent shahrida — 63,4 ming nafar va Toshkent viloyatida — 26,9 ming nafarni tashkil qildi.
Mazkur maʼlumotlar Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining integratsiyalashgan axborotlari asosida shakllantirilgan bo‘lib, 2027 yil 1 iyul kuniga rejalashtirilgan aholini ro‘yxatga olishning yakuniy natijalari eʼlon qilinguniga qadargi dastlabki maʼlumotlar hisoblanadi.