O‘zbekiston Afg‘oniston bilan birja savdosi mexanizmni joriy etdi

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan birja savdosi mexanizmni joriy etdi

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan birja savdosi mexanizmni joriy etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan amaldagi birja tizimi asosida Afg‘oniston bilan savdo qilish mexanizmi joriy etildi. Yangi model eksportyorlarga mahsulotni afg‘on bozorida xavfsiz moliyaviy instrumentlar orqali va qo‘shimcha bank xarajatlarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkonini beradi.

Mexanizm doirasida hisob-kitoblar bank kafolatlari asosida amalga oshiriladi, bu esa bitim ishtirokchilari uchun xatarlarni kamaytiradi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov maʼlum qilishicha, 2025 yil sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi (UzEX) platformasini Afg‘onistondagi Ghazanfar Bank bilan integratsiya qilishni topshirgan edi.

Savdoda ishtirok etish uchun o‘zbek tadbirkorlari UzEX platformasida ro‘yxatdan o‘tib, o‘z mahsulotlarini birja savdolariga joylashtirishi lozim. Afg‘onistonlik xaridorlar esa shartnomalarni Ghazanfar Bank orqali rasmiylashtirib, kontrakt qiymatining 10 foizini boshlang‘ich to‘lov sifatida kiritadi. Shartnoma tuzilgandan so‘ng o‘zbek yetkazib beruvchi tovar va zarur hujjatlarni yuboradi, qolgan 90 foiz mablag‘ bank hisoblarida mahsulot chegaraga yetkazilgunga qadar shakllantiriladi va shundan keyin sotuvchiga o‘tkaziladi.

Mexanizmni amalga oshirish doirasida Ghazanfar Bank mablag‘larni O‘zbekistonning beshta banki — “Trastbank”, “O‘zpromstroybank”, “Infinbank”, «Asaka bank» va “Agrobank”da joylashtiradi, bu esa yetkazib berilgan tovarlar uchun to‘lov kafolatini taʼminlaydi.

Davron Vahabov taʼkidlaganidek, Savdo-sanoat palatasi va UzEX mahalliy tadbirkorlarga mahsulotlarni joylashtirish va Afg‘oniston bozoriga chiqishda ko‘mak berishga tayyor. Yangi mexanizm joriy etilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmining o‘sishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Ghazanfar Bank vakillari ishtirokida muntazam onlayn uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, ular doirasida tadbirkorlarga tizim ishlash tamoyillari va Afg‘oniston bozoridagi dolzarb talab tushuntiriladi.

Ghazanfar Bank Afg‘onistonda 17 ta filialga ega bo‘lib, 150 mingdan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi. Uning yillik tashqi savdo salohiyati 1,3 mlrd AQSH dollariga baholanadi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling