“O‘zaviatsiya” Air Fergana aviakompaniyasi ishga tushganini rad etdi
“O‘zaviatsiya” Air Fergana aviakompaniyasi ishga tushganini rad etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Fuqaro aviatsiyasi agentligi “O‘zaviatsiya” Air Fergana aviakompaniyasi faoliyati boshlangani haqidagi maʼlumotlar tijoriy aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun rasmiy ruxsat maqomiga mos kelmasligini maʼlum qildi. Bu haqda regulyator ayrim axborot resurslarida tarqalgan xabarlar ortidan eʼlon qilingan izohda bildirildi.
Idora taʼkidlashicha, hozirgi vaqtda Air Fergana aviakompaniyasi ekspluatatsiya sertifikati (AOC), shuningdek yo‘lovchi va yuklarni muntazam yoki nomuntazam tijoriy havo tashuvlarini amalga oshirish uchun majburiy hisoblangan boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni olmagan.
“O‘zaviatsiya”da eslatishlaricha, O‘zbekistonda aviakompaniya tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish faqat sertifikatlashning barcha bosqichlaridan o‘tilgandan keyin amalga oshirilishi mumkin.
Bu jarayonlar qatoriga parvozlar xavfsizligi talablariga muvofiqlikni tasdiqlash, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini tekshirish, aviatsiya xodimlari malakasini baholash, shuningdek aviatsiya xavfsizligi va xalqaro standartlarga rioya etilishini aniqlash kiradi.
Regulyator qayd etishicha, qonunchilikda belgilangan barcha tartib-taomillar yakunlanib, tegishli ruxsatnomalar olingandan keyingina aviakompaniya rasman tijoriy faoliyatni boshlashi mumkin.
“O‘zaviatsiya” shuningdek aviaperevozchiklarni sertifikatlash va ularga ruxsat berish haqidagi rasmiy maʼlumotlar agentlikning vakolatli kanallari orqali belgilangan tartibda eʼlon qilinishini taʼkidladi.