Osiyo xotin-qizlari II forumida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi
Osiyo xotin-qizlari II forumida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro shahrida “Ayollarga investitsiya – barqaror o‘sish asosi: xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlarining ИИ forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Tadbirda 20 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali ishtirokchilar, jumladan, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi Ijrochi direktori, Shanxay hamkorlik tashkiloti, xalqaro moliya institutlari vakillari, Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumat hamda xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari ishtirok etdi.
Shuningdek, forumda mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetakchi ayollar, ishbilarmon doiralar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar hamda turli iqtisodiyot tarmoqlari va sohalar vakillaridan iborat qariyb 250 kishi qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Forum ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Forumning ochilishi marosimida Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva uni o‘qib eshittirdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z kirish so‘zida O‘zbekistonda xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish hamda gender tenglikni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini qayd etildi. O‘tkazilayotgan forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan tashabbusining amaliy natijasidir.
Maʼlumki, Samarqandda o‘tkazilgan birinchi forum bunday muloqot maydoniga qanchalik katta ehtiyoj borligini ko‘rsatgandi va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangandi. Endilikda bu maydonni doimiy platformaga aylantirish yo‘lida muhim qadam tashlangani qayd etildi.
So‘zga chiqqanlar bugun hech bir davlat xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirmasdan turib barqaror taraqqiyotga erisha olmasligini taʼkidladi. Shu bois mazkur platforma nafaqat muloqot, balki umumiy yondashuvlar, amaliy hamkorlik va qo‘shma tashabbuslarni shakllantirish maydoniga aylanishi lozim.
Bu maydon – global tahdidlarga qarshi kurashishda ayollar birdamligining yorqin ifodasidir. Iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik, tengsizlik va turli kamsitishlarga qarshi samarali yechimlarga faqat xotin-qizlarning o‘zlarining faol ishtiroki orqaligina erishish mumkin.
Shuning uchun ham turli sohalarning faol ayollarini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvini kengaytirish bugungi dolzarb vazifalardan biridir.
Jumladan, mamlakatimizda so‘nggi o‘n yil ichida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, bu borada mustahkam huquqiy baza yaratilgani alohida taʼkidlandi. Shuningdek, xotin-qizlarning siyosiy jarayonlar va qaror qabul qilish tizimidagi ishtiroki tobora kengayib borayotgani, bugungi kunda O‘zbekiston parlamentda ayollar ulushi bo‘yicha dunyoda 35-o‘rinni egallagani qayd etildi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarning taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar va tadbirkorlik sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish Yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani taʼkidlanib, bugun oliy taʼlimda qizlar ulushi 53 foizga, magistraturada esa 65 foizga yetgan. Olimlar orasida esa xotin-qizlar ulushi 60 foizni tashkil etadi. So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda ayol tadbirkorlar soni 3,7 barobarga ko‘payib, 274 mingdan oshgan.
Ushbu forum Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ilg‘or tajribalar almashish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilik va amaliy mexanizmlarni takomillashtirish, taʼlim, tadbirkorlik, innovatsiyalar va sunʼiy intellekt sohalarida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Forum o‘z ishini parallel sessiyalarga bo‘lingan holda davom ettirdi.
Birinchi parallel sessiya davlat va jamiyat boshqaruvi hamda siyosiy qaror qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.
Mazkur sessiyada xotin-qizlar liderligini mustahkamlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, siyosiy qaror qabul qilish jarayonlarida teng va samarali ishtirokini taʼminlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Forum ishtirokchilari xotin-qizlarning siyosiy va davlat boshqaruvi sohalariga jalb etilishini rag‘batlantiruvchi davlat siyosati, milliy va mintaqaviy dasturlar, huquqiy mexanizmlar hamda institutsional yondashuvlar xususida fikr almashdi.
Shuningdek, parlament, davlat organlari va davlat xizmatida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, rahbarlik va saylanadigan lavozimlarda ularning vakilligini oshirishga qaratilgan samarali mexanizmlarga eʼtibor qaratildi.
“Xotin-qizlarning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash – barqaror bandlik, tadbirkorlik va muvozanatlashgan mintaqaviy o‘sish omili” mavzusida bo‘lib o‘tgan ikkinchi parallel sessiyada jahon va mintaqada mehnat bozorlari transformatsiyasi sharoitida xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi va tadbirkorlik salohiyatini oshirish, ularning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish orqali barqaror o‘sishni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Xotin-qizlarning mehnat bozori va biznesdagi ishtirokini kengaytirish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, daromadlardagi gender tafovutni qisqartirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Muhokama davomida parvarish iqtisodiyotini rivojlantirish, oilaga yo‘naltirilgan mehnat siyosati, norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish va xotin-qizlarni munosib mehnat bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
“Ilm-fan, taʼlim, ekologiya, innovatsiya va sunʼiy intellekt sohalarida xotin-qizlar: yangi avlod imkoniyatlari” mavzusida o‘tkazilgan uchinchi sessiyada xotin-qizlarning zamonaviy ilm-fan va texnologiya sohalaridagi ishtiroki, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda bu yo‘nalishdagi xalqaro tajriba muhokama qilindi.
Sessiyada xotin-qizlarni STEM taʼlimiga jalb etish, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida ularning salohiyatini rivojlantirish, ekologik tashabbuslardagi ishtiroki hamda texnologiyalar orqali sodir etiladigan gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalalariga urg‘u berildi.
“Xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi va huquqiy kafolatlarini mustahkamlash hamda raqamli muhitda xavfsizligini taʼminlash: barqaror va inklyuziv jamiyatni shakllantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi sessiyada xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish va raqamli muhitdagi xavfsizligini taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Forum doirasida O‘zbekistonning eksport salohiyatini namoyon etuvchi to‘qimachilik, kulolchilik, ipakchilik va charm-poyabzal sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari, xotin-qizlarning muvaffaqiyatli loyihalari, startapchi qizlarning innovatsion startaplari milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Forumda Osiyo mintaqasida xotin-qizlarning taʼlim, ilm-fan, siyosat, iqtisodiyot va jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikka qaratilgan Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi.