Oʻzbekistonga zargarlik buyumlarini noqonuniy olib kirish toʻxtatildi
Oʻzbekistonga zargarlik buyumlarini noqonuniy olib kirish toʻxtatildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro viloyatida bojxona xodimlari Olot va Buxoro aeroporti chegara oʻtkazish punktlari orqali zargarlik buyumlarini noqonuniy olib kirishga urinishning ikki holatni toʻxtatdilar.
Jumladan, “Olot” chegara bojxona posti orqali “Turkmaniston – O‘zbekiston” yo‘nalishida piyoda kirib kelgan fuqaro belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Uning xatti-harakatlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgani bois fuqaro chuqurlashtirilgan ko‘rikka yo‘naltirildi. Zamonaviy skaner qurilmasi orqali o‘tkazilgan tekshiruv davomida rentgen tasvirlari asosida fuqaro tomonidan 310 gramm og‘irlikdagi qimmatbaho zargarlik buyumlari yashirincha olib o‘tilayotgani aniqlandi.
Shuningdek, “Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti orqali “Turkiya – Buxoro” yo‘nalishida kelgan yana bir fuqaro ham bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida uning yuklari orasida bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortiqcha bo‘lgan 108,3 gramm qimmatbaho zargarlik buyumlari mavjudligi oz tasdigini topdi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha umumiy qiymati 501 million so‘mdan ortiq bo‘lgan zargarlik buyumlari vaqtincha saqlovga olinib, mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.