Oʻzbekiston veterinariya nazorati tizimini takomillashtirmoqda

Oʻzbekiston veterinariya nazorati tizimini takomillashtirmoqda

Oʻzbekiston veterinariya nazorati tizimini takomillashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda davlat veterinariya nazoratini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan obdon muhokama qilindi.

Ushbu loyiha milliy qonunchilik hujjatlarini xalqaro me’yorlar bilan integratsiya qilishda juda muhim. U amaldagi qonunni Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi bitimiga, Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti talablariga muvofiqlashtirmoqda. Veterinariya nazorati samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda.

Hujjatda antibiotik va zararli moddalarni monitoring qilish, xavfni erta aniqlash va uni kamaytirish tartiblari belgilanmoqda. Veterinariya tovarlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va realizatsiya qilishda xavfni tahlil qilish va boshqarish Davlat veterinariya xizmati tomonidan amalga oshirilishi taklif etilmoqda.

Davlat veterinariya xizmatiga yuqumli kasalliklar bo‘yicha hududlar (kichik hududlar) va xavfsizlik toifasini belgilash vakolati berilmoqda. Bu yuqumli kasalliklarni erta aniqlash, ularning tarqalishini oldini olish, pirovardida aholi salomatligini mustahkam himoya qilishning aniq huquqiy asosini yaratadi.

Ushbu qonun loyihasi bilan hududlarni epizootik holatga qarab toifalash taklif etilmoqda. Laboratoriya nazorati kuchaytiriladi. Veterinariya dori vositalari muomalasi ustidan qat’iy monitoring o‘rnatiladi.

Qonun loyihasi veterinariya sohasida yagona va aniq tamoyillarni shakllantiradi. Davlat nazoratining ochiqligi va samaradorligini mustahkamlaydi. Bu milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling