Oʻzbekiston va Yaponiya parlamentlari forumi Toshkentda boʻlib oʻtdi
Oʻzbekiston va Yaponiya parlamentlari forumi Toshkentda boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yaponiya parlamenti vakillar palatasi a’zosi, tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari Arfiya Eri boshchiligidagi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston — Yaponiya” parlamentlararo forumining beshinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Forumda har ikki tomondan deputatlarning parlamentlararo aloqalarning bugungi kundagi holati va istiqbollari haqidagi axborotlari eshitildi.
O‘zbekiston — Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, xususan, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini olib borish, barcha yo‘nalishlarda parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashishni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston — Yaponiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot barqaror va izchil rivojlanib, o‘zaro hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Oliy darajadagi kelishuvlar samarali amalga oshirilib, parlamentlar o‘rtasida sermahsul aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari R.Xakimov forum ishtirokchilariga Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, Arfiya Eri forumni yuqori darajada tashkil etganligi uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan faol, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini yuqori baholadi.
“Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga ega. Ana shu boy va uzoq yillik tarixiy aloqalarga tayangan holda, men tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari hamda deputat sifatida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shaman, — dedi A. Eri.
Yaponiya parlamentning O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi Ijroiya qo‘mitasi raisi Keysuke Suzuki esa Yaponiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi strategik hamkor davlat sifatida bilishi va o‘zaro aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
—Bugungi kunda O‘zbekiston — Yaponiya munosabatlari sifat jihatdan mutlaqo yangi bosqichga chiqib, ko‘plab sohalarda hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib bormoqda. Mazkur forum, albatta, kelgusidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi bosqichni boshlab beradi, — dedi K.Suzuki.
Yig‘ilishda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yashil energiya va ta’lim sohalarini rivojlantirish, axborot texnologiyalari, tadbirkorlik va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi. Ushbu tashabbuslar o‘zaro hamkorlikni yangicha mazmun bilan boyitishi urg‘ulandi.
Tomonlar O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlar muhim o‘rin tutishini, mazkur forum esa parlamentlararo munosabatlarini yanada rivojlantirish, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va siyosiy muloqotni chuqurlashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
Forum yakunida ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni tizimli davom ettirishga kelishib olindi.