Oʻzbekiston va Xitoy toʻqimachilik sanoatida raqamlashtirishni jadallashtirmoqda
Oʻzbekiston va Xitoy toʻqimachilik sanoatida raqamlashtirishni jadallashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Xitoyning «Shaoxing Huangxi Intelligent Group» kompaniyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Uchrashuvda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rahbariyati ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar to‘qimachilik sanoatida avtomatlashtirish, raqamlashtirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Shuningdek, Xitoy kompaniyasi vakillari mahalliy «MS Barer-Textile» korxonasiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Memorandum doirasida tajriba almashish, texnik maslahatlashuvlar o‘tkazish hamda pilot loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Mazkur hujjat O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida to‘qimachilik sanoatini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish borasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.