Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Toshkentda koʻp tarmoqli shifoxona qurish loyihasini amalga oshirmoqda
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Toshkentda koʻp tarmoqli shifoxona qurish loyihasini amalga oshirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59 yillik yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Ushbu nufuzli tadbir munosabati bilan Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Koo Yun Cheol boshchiligidagi delegatsiya ham mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida martabali mehmon poytaxtimizdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida bo‘lib, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Shuningdek, mazkur muassasada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov hamda Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Koo Yun Cheol boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tibbiyot sohasida ham izchil rivojlanib bormoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishda yangi qo‘shma loyihalar ro‘yobi uchun keng yo‘l ochyapti.
Xususan, 2020 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan, qiymati 130 million AQSH dollariga teng Bolalar milliy tibbiyot markazi Janubiy Koreya bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mega-loyihalardan biridir. Muloqotda janob Koo Yun Cheol ushbu muassasa faoliyatini yuqori baholadi.
Ayni paytda ushbu markaz hududida Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan birgalikda yangi shifoxona qurilishi rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.
Loyihaning umumiy qiymati 149,8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 124 million dollari Koreya Eksimbanki orqali taqdim etiladigan kredit mablag‘laridir, 25,8 million dollari esa O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Loyiha doirasida barpo etiladigan 300 o‘rinli to‘rtinchi toifali zamonaviy tibbiyot muassasasida 700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu yerda yiliga 8,5 mingtagacha yuqori texnologik operatsiyalar bajarish imkoniyati yaratiladi.
Mehmonlar yangi majmauning qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Yakunda tomonlar Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan hamkorlikda poytaxtimizda qiymati 424,3 million dollarlik tibbiyot klasterini tashkil etish bilan bog‘liq takliflarni muhokama qildi.