O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi bojxona sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi

UzDaily · 18.06.2026 · 18:10 · 27 views
Oʻzbekiston va BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi bojxona sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi bojxona sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari N. Musamuxamedov hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YIK) Iqtisodiy hamkorlik va savdo departamenti direktori Elizabet Tyurk o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida Bojxona qo‘mitasi va BMT YIK o‘rtasidagi samarali hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bojxona qo‘mitasi vakillari mamlakatimizda savdoni yengillashtirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, chegaraoldi jarayonlarini soddalashtirish va xalqaro standartlarni tatbiq etish yo‘nalishlarida ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdilar.

Shuningdek, uchrashuvda BMT YIK ko‘magida nashr etilgan Bojxona qo‘mitasi xodimi muallifligidagi “National Trade Facilitation Roadmap of the Republic of Uzbekistan (2025–2030)” kitobining ahamiyati alohida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, mazkur nashr savdoni yengillashtirish sohasidagi islohotlarni tizimli ravishda amalga oshirish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda xalqaro iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida “eTIR” tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu tizimni milliy axborot tizimlari bilan integratsiya qilish, tranzit jarayonlari samaradorligini oshirish hamda mintaqa davlatlarining salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma ishlarni izchil davom ettirish muhimligini qayd etdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar savdoni yengillashtirish, raqamli bojxona texnologiyalarini rivojlantirish, transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

UzDaily · 👁 27 views · 18.06.2026 · 18:10