O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi Germaniyada biznesni qoʻllab-quvvatlash tajribasini oʻrganmoqda

UzDaily tahririyati · 25.06.2026 · 13:00 · 28 views
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi Germaniyada biznesni qoʻllab-quvvatlash tajribasini oʻrganmoqda

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi Germaniyada biznesni qoʻllab-quvvatlash tajribasini oʻrganmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi Germaniyada ishchi tashrif bilan bo‘lib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes va davlat o‘rtasidagi muloqot mexanizmlarini takomillashtirish hamda kasbiy taʼlim sohasidagi ilg‘or tajribani o‘rganish maqsadida qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Tashrif doirasida Germaniyaning eng yirik biznes uyushmasi hisoblangan, 79 ta hududiy palata tarmog‘i orqali 3 milliondan ortiq kompaniya manfaatlarini ifodalovchi Germaniya Savdo-sanoat palatalari uyushmasi (DIHK) bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Germaniya Ish beruvchilar federatsiyasi (BDA) vakillari bilan uchrashuvda ish beruvchilarning ijtimoiy-mehnat siyosati va ijtimoiy muloqotdagi ishtiroki muhokama qilindi.

Delegatsiya Germaniya Hunarmandlar markaziy uyushmasi (ZDH) faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur tashkilot 1 millionga yaqin hunarmandchilik korxonalarini birlashtirib, har yili dual taʼlim tizimi asosida 340 mingdan ortiq o‘quvchilarni tayyorlaydi. Uchrashuvda ushbu tajribaning ayrim elementlarini O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tashrif davomida delegatsiya Berlin shahrida joylashgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Germaniyadagi vakolatxonasi — O‘zbekiston Savdo uyiga ham tashrif buyurib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Olingan tajriba mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.