O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston 2027-yildan boshlab IECning toʻlaqonli aʼzosiga aylanadi

UzDaily tahririyati · 25.06.2026 · 14:00 · 28 views
Oʻzbekiston 2027-yildan boshlab IECning toʻlaqonli aʼzosiga aylanadi

Oʻzbekiston 2027-yildan boshlab IECning toʻlaqonli aʼzosiga aylanadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC)ning tegishli qaroriga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan O‘zbekiston ushbu nufuzli tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylanadi. Bu haqda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi xabar berdi.

Shuningdek, IEC Bosh kotibi Filipp Metsgerning joriy yil avgust oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifi ham tasdiqlandi.

Mazkur maqom O‘zbekistonga elektrotexnika mahsulotlari uchun xalqaro standartlarni ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida bevosita ishtirok etish, milliy sanoat manfaatlarini ilgari surish hamda xalqaro standartlashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda faol qatnashish imkonini beradi.

A’zolikning muhim afzalliklaridan biri xalqaro miqyosda tan olingan muvofiqlikni baholash tizimlari - IECEE, IECEx, IECQ va IECRE sxemalariga to‘liq integratsiyalashish hisoblanadi.

Bu mahalliy sinov laboratoriyalari tomonidan berilgan sertifikat va sinov natijalarining xalqaro miqyosda tan olinishi, elektrotexnika mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqishini yanada osonlashtiradi.

Mazkur tarixiy qaror mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish, mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda soha rivoji uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.