Namanganda qurilish sohasida korrupsiya holati fosh etildi
Namanganda qurilish sohasida korrupsiya holati fosh etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida qurilish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun noqonuniy ravishda pul talab qilish bilan bog‘liq korrupsiya holatiga chek qo‘yildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga ko‘ra, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining ikki nafar bosh mutaxassisi o‘zaro kelishib, tadbirkordan Yangi Namangan tumanida ikki qavatli noturar joy binosi qurilishi uchun ruxsatnoma olish, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini rasmiylashtirish va loyiha hujjatlarini kelishishda yordam berish evaziga 22 ming AQSH dollari talab qilgan.
Joriy yil mart oyida ular kelishilgan mablag‘ning bir qismi sifatida 7 ming AQSH dollarini olgan.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilardan biri qolgan 15 ming AQSH dollarini olish vaqtida jinoyat ustida ushlangan. Ikkinchi ishtirokchi ham belgilangan tartibda qo‘lga olingan.
Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.