Mirziyoyev Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrifga taklif qildi
Mirziyoyev Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrifga taklif qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampni tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Tabrik maktubida o‘zbek-amerika munosabatlarining bugungi holati va ularni yana-da rivojlantirish istiqbollari qayd etildi, shuningdek, Amerika rahbari O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etildi.
Davlat rahbari o‘z murojaatida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ishonch va umumiy manfaatlarga asoslangan munosabatlar keyingi yillarda izchil mustahkamlanib, sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanini taʼkidladi.
O‘zbekiston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam tus olgan bo‘lib, tobora amaliy yo‘nalish kasb etmoqda. Mirziyoyev O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ko‘p qirrali strategik sheriklikni yana-da chuqurlashtirishdan, jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Maktubda Donald Trampning tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlariga ham yuqori baho berilgan. O‘zbekiston rahbari ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy maydonlardagi hamkorligi kelgusida ham aniq amaliy natijalar bilan boyib borishiga ishonch bildirdi.
Ikki tomonlama strategik hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish maqsadida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi. Taʼkidlanishicha, ushbu tashrif Amerika prezidentining mamlakatga amalga oshiradigan tarixdagi birinchi rasmiy tashrifi bo‘lishi mumkin.