Mirziyoyev Hindiston rahbariyatiga taʼziya bildirdi
Mirziyoyev Hindiston rahbariyatiga taʼziya bildirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vazir Narendra Modiga Uttar-Pradesh shtatida yuz bergan kuchli yomg‘ir va bo‘ron oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jabrlangani munosabati bilan taʼziya yo‘lladi.
Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik izhor etdi, shuningdek barcha jabrlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
Indian Express gazetasi maʼlumotlariga ko‘ra, Uttar-Pradesh shtatida tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlar soni 111 nafarga yetgan, yana 72 kishi jarohat olgan.
13 may kuni kechqurun shtatning bir nechta tumanlariga kuchli chang bo‘roni, yomg‘ir va momaqaldiroq yog‘ingarchiliklari yopirilgan. Odamlar daraxtlar qulashi, turli konstruksiyalar vayron bo‘lishi va chaqmoq urishi oqibatida halok bo‘lgan.
Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga politsiya va qutqaruv xizmatlari maxsus texnika, jumladan kranlar va benzopilalarni jalb qildi.
Hindiston hukumati jabrlangan oilalarga tezkor tibbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi.