KOICA Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetida Ta’lim va Taraqqiyot bo‘yicha Bilim Almashinuvi Dasturini o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 24-aprel kuni KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida (TDİU) 2025-yil uchun ilk Bilim almashinuvi dasturi tashkil etildi. Mazkur tadbir KOICA tomonidan Koreyada o‘tkazilgan o‘quv dasturlari orqali egallangan bilim va tajribalarni O‘zbekiston mahalliy hamjamiyatlari bilan bo‘lishishga qaratilgan tashabbus doirasida o‘tkazildi.
Bilim almashinuvi dasturi Koreyada o‘quv kurslarini tamomlagan KOICA bitiruvchilariga o‘z bilim va tajribalari bilan bo‘lishish, shuningdek, bu bilimlarni O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida qanday qo‘llash mumkinligi yuzasidan o‘z qarashlarini taqdim etish imkonini beradi. Ushbu tadbir KOICA bitiruvchilari uyushmasi bilan hamkorlikda, KOICA O‘zbekiston vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda KOICA bitiruvchisi, KAIST universitetida ijtimoiy iqtisodiyot yo‘nalishida magistrlik darajasini olgan Nurbek Qurbonov “Iqtisodiy ta’sir: Ta’lim va hamkorlik orqali hayotni o‘zgartirish” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Taqdimot mazmuni TDİU talabalarining qiziqishlariga mos tarzda ishlab chiqilib, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish masalalari yoritildi.
Ushbu dasturda 100 dan ortiq TDİU talabalari faol ishtirok etdi va katta qiziqish bildirishdi. Universitet rahbariyati va yetakchi professor-o‘qituvchilar ham tadbirda qatnashib, bu tashabbusga yuqori e’tibor va qiziqish bildirganliklarini ko‘rsatishdi. Bu esa TDİUning xalqaro hamkorlikni kengaytirish va global ta’limni rivojlantirish borasidagi intilishini yaqqol namoyon etdi.
KOICA O‘zbekiston davlat idoralari va davlat sektoridagi mutaxassislar uchun CIAT (Capacity Improvement and Advancement for Tomorrow) dasturlarini taklif qilib kelmoqda. Mazkur dasturlar qisqa va uzoq muddatli kurslarni o‘z ichiga oladi va shu kungacha 2600 dan ortiq ishtirokchi ushbu ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan. Bu tashabbus milliy salohiyatni oshirish hamda Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.