O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Kiberxavfsizlik to'g'risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi

UzDaily tahririyati · 22.07.2026 · 18:30 · 26 views
Kiberxavfsizlik to'g'risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi

Kiberxavfsizlik to'g'risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanish jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida uning qator normalari qayta ko‘rib chiqildi va huquqni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirilgan.

Jumladan, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq, kiberxavfsizlik talablariga rioya etilmagani yoki shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish choralari ko‘rilmagani oqibatida fuqarolarga moddiy zarar yetkazilsa, mazkur zararni banklar, to‘lov tizimi operatorlari yoki to‘lov tashkilotlari tomonidan qoplash tartibi belgilanmoqda. Bu moliyaviy xizmatlar bozori ishtirokchilarining axborot xavfsizligi sohasidagi mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi normalar bilan masofadan davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimidagi shaxsiy akkauntlarni yoki abonent qurilmasining identifikatsiya modullarini g‘arazli maqsadlarda boshqa shaxslarga berish, shuningdek, o‘zga shaxsning akkaunti yoki abonent raqamidan noqonuniy foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar esa raqamli dalillar bilan ishlashning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsiga axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar doirasida ish uchun ahamiyatli bo‘lgan elektron ma’lumotlar, hujjatlar va boshqa ashyoviy dalillar qayerda ekani aniq bo‘lgan hollarda ularni belgilangan tartibda olib qo‘yish imkoniyati berilmoqda.

Yana bir muhim yangilik sifatida bank hisobvaraqlari, elektron hamyonlar va kripto-aktivlar bo‘yicha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish protsessual majburlov chorasi sifatida joriy etilmoqda. Bu noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘larni boshqa shaxslarga o‘tkazib yuborilishining oldini olishga xizmat qiladi. Ayni paytda mazkur tartib Konstitutsiyada kafolatlangan mulkiy huquqlarni ta’minlash maqsadida sud nazorati mexanizmlari bilan uyg‘unlashtirilmoqda.

Muhokamalarda mazkur qonun kiberjinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari va mol-mulkini ishonchli himoya qilish, to‘lov infratuzilmasining barqarorligini ta’minlash hamda raqamli makonda huquqiy xavfsizlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.