Kiberjinoyatchilik to'g'risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi
Kiberjinoyatchilik to'g'risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasiga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi ushbu sohadagi vakolatli davlat organi sifatida belgilanib, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini muvofiqlashtirish, profilaktika ishlarini tashkil etish, huquqbuzarliklarni fosh etish hamda vakolatli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha aniq vakolatlarga ega bo‘ladi.
Shuningdek, banklar, to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari va internet-provayderlarining mas’uliyati ham kuchaytirilmoqda. Ular shubhali operatsiyalarni o‘z vaqtida aniqlash, kiberxavflar haqida vakolatli organlarga zudlik bilan axborot taqdim etish, raqamli dalillarni saqlash va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlarni bajaradi.
Muhokamalarda kiberjinoyatlardan jabrlangan shaxslarni himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qonun loyihasida ularni reabilitatsiya qilish, huquqiy, psixologik va zaruratga ko‘ra tibbiy yordam ko‘rsatish, buzilgan huquqlarini tiklash hamda raqamli va moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, moliyaviy piramida ko‘rinishidagi firibgarliklarni barvaqt aniqlash, ularning tarqalishining oldini olish, aholini kibertahdidlar haqida tezkor ogohlantirish, shuningdek jamiyatda kibermadaniyat va kibergigiyena ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi huquqiy mexanizmlar mustahkamlanmoqda.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanish jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida yanada takomillashtirilgan. Xususan, asosiy tushunchalar amaldagi qonunchilik bilan muvofiqlashtirildi, huquqiy noaniqlikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan normalar qayta tahrir qilindi, davlat organlarining vakolatlari, o‘zaro hamkorligi va mas’uliyatini belgilaydigan qoidalar aniqlashtirildi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur qonunning qabul qilinishi kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning zamonaviy va samarali huquqiy tizimini shakllantirish, shaxs, jamiyat va davlatning kibermakondagi huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek fuqarolarning raqamli xizmatlardan xavfsiz foydalanishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.