O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Jamshid Qoʻchqorov va Antonella Bassani DPO va FINGROW islohot dasturlarini muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 29.06.2026 · 23:50 · 31 views
Jamshid Qoʻchqorov va Antonella Bassani DPO va FINGROW islohot dasturlarini muhokama qilishdi

Jamshid Qoʻchqorov va Antonella Bassani DPO va FINGROW islohot dasturlarini muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-iyun kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Jahon banki guruhi Ijrochi direktori Beatris Mazer, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benhassin, Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning bugungi holati, birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligi hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan muhokamalar olib bordi.

Xususan, tomonlar mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash, xususiy sektor faolligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sish omillarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. 

Jumladan, DPO (Development Policy Operation) dasturi doirasidagi hamkorlik, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Uchrashuvda xususiy sektorni rivojlantirish, xususiy kapitalni jalb qilish hamda biznes subyektlarining moliyalashtirish manbalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, FINGROW loyihasi doirasida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiyaviy faollikni oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Muloqotda yangi iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tarmoqlarni kengaytirish hamda inson kapitalini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. 

Shuningdek, hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar, infratuzilma va ijtimoiy sohalarda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalarini kengaytirish, xususiylashtirish jarayonlari, davlat aktivlarini samarali boshqarish hamda iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda mehmonlar tomonidan O‘zbekistonning xalqaro suveren reytinglardagi ko‘rsatkichlari yaxshilanib borayotgani, jumladan, Fitch va Moody’s tomonidan qayd etilgan ijobiy o‘zgarishlar alohida e’tirof etildi. Ushbu natijalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi tizimli chora-tadbirlar samarasi ekanligi alohida ta’kidlandi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, amaldagi loyihalarni samarali amalga oshirish hamda yangi tashabbuslar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.