Jahon banki va IDOM Samarqand viloyati uchun 2040-yilgacha bo'lgan fazoviy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadi
Jahon banki va IDOM Samarqand viloyati uchun 2040-yilgacha bo'lgan fazoviy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda hududiy rivojlanish va raqamlashtirish yo‘nalishida muhim bosqich boshlanmoqda. Viloyat hokimligida viloyat rahbari Adiz Boboyev Jahon banki delegatsiyasi va Ispaniyaning nufuzli "IDOM" kompaniyasi ekspertlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hududni kelgusi 15 yilda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Unda Samarqand viloyati hududiy rivojlanish strategiyasi, shuningdek, Bulungur, Ishtixon, Payariq va Kattako‘rg‘on tumanlarining master-rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha tender g‘olibi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mazkur yirik loyihalarni amalga oshirish vazifasi "IDOM" kompaniyasiga yuklatildi.
Kompaniyaning xalqaro tajribasi va zamonaviy yondashuvlari Samarqandni barqaror va innovatsion hududga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Loyihaning e’tiborga loyiq jihatlaridan biri — Samarqand shahrining fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasi yaratilishi bo‘lmoqda.
Qiymati 51 million dollarga teng bo‘lgan ushbu tashabbus doirasida shahar infratuzilmasi, jumladan yer osti kommunikatsiyalari — suv quvurlari, kanalizatsiya tarmoqlari va elektr kabellari raqamlashtiriladi. Shuningdek, aniq 3D-model va mukammal manzillar reyestri shakllantirilib, bu kommunal xizmatlar samaradorligini oshirish, avariyalarni tezkor bartaraf etish hamda manzil tizimidagi muammolarni hal etish imkonini beradi.
Islohotlar faqat shahar markazi bilan cheklanib qolmaydi. 410 million dollarlik “O‘zbekistonning obod va barqaror shaharlari” dasturi doirasida hududlarda ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Endi infratuzilmaviy loyihalar qisqa muddatli emas, balki uzoq muddatli — 15 yillik strategik rejalar asosida amalga oshiriladi. Barcha rejalar Jahon banki ko‘magida yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Shu bilan birga, shaharsozlik va uy-joy siyosatida UN-Habitat dasturining ishtiroki alohida ahamiyat kasb etmoqda. U transport modellashtirish va zamonaviy shahar infratuzilmasini rivojlantirishda ilg‘or yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan.
Mutaxassislar fikricha, xalqaro moliyaviy institutlar, ilg‘or arxitektura kompaniyalari va BMT ekspertlarining o‘zaro hamkorligi Samarqandni “aqlli” va barqaror rivojlanayotgan hudud namunasiga aylantirishga xizmat qiladi. Tomonlar esa belgilangan rejalarni amalga oshirishda faol hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.