Iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va xavfsizlik: O‘zbekiston ShHTni rivojlantirish kun tartibini taqdim etdi
Iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va xavfsizlik: O‘zbekiston ShHTni rivojlantirish kun tartibini taqdim etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne'matov boshchiligidagi institut delegatsiyasi 2–4-iyul kunlari Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan XIV Jahon tinchlik forumi ishida ishtirok etdi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida Sinxua universiteti tomonidan tashkil etilgan forumda dunyoning 60 mamlakatidan 400 nafardan ortiq delegat, jumladan AQSH, Rossiya, Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi, Afrika va Yaqin Sharqning siyosiy, diplomatik hamda akademik doiralari vakillari qatnashdi.
Forumning ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Xan Chjen so‘zga chiqdi. U Pekinning yangi xalqaro xavfsizlik me'morchiligini shakllantirishga doir asosiy yondashuvlarini bayon etar ekan, geosiyosiy beqarorlik kuchayib borayotgan bugungi sharoitda ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim ahamiyatini alohida ta'kidladi.
SHHT doirasidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan sessiyada Akramjon Ne'matov O‘zbekistonning Tashkilotni yanada rivojlantirish borasidagi yondashuvlarini taqdim etdi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston uchun SHHT shunchaki tashqi siyosiy maydon emas, balki xavfsizlikni ta'minlash, barqaror rivojlanish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surishning muhim vositasidir”, degan fikrini keltirdi.
A. Ne'matovning ta'kidlashicha, jahon tizimidagi chuqur o‘zgarishlar sharoitida mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda. “Global boshqaruv institutlari tizimli muammolarga duch kelayotgan, yangi tahdidlarga tezkor va samarali javob bera olmayotgan bugungi sharoitda mintaqaviy hamkorlik formatlarining o‘rni tobora kuchaymoqda. Shu bois SHHTning bugungi kundagi ahamiyati obyektiv ravishda ortib bormoqda”, — dedi u.
Ekspert ta'kidlaganidek, SHHT o‘zining noyob xususiyatini saqlab qolmoqda. “Shanxay hamkorlik tashkiloti harbiy blok emas va u hech qachon mavjud xalqaro institutlarga muqobil tuzilma sifatida tashkil etilmagan. Uning o‘ziga xosligi aynan shunda. Tashkilot turli siyosiy tizim va manfaatlarga ega davlatlarni birlashtirgan holda, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish salohiyatini saqlab qolmoqda. Tobora parchalanib borayotgan dunyoda muloqotni davom ettirish qobiliyati mustaqil strategik resursga aylanmoqda”, — dedi u.
Nutq davomida zamonaviy tahdidlarning o‘zgarib borayotgan xususiyatiga alohida e'tibor qaratildi. A. Ne'matovning ta'kidlashicha, bugungi kunda xavfsizlik va taraqqiyotni bir-biridan alohida ko‘rib chiqishning imkoni yo‘q. “Barqaror iqtisodiyotsiz xavfsizlikni ta'minlab bo‘lmaydi. Xavfsizliksiz esa barqaror rivojlanishga erishish mumkin emas”, — dedi ekspert.
Shu bois, uning qayd etishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHT doirasida o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlik tamoyillariga asoslangan yangi iqtisodiy sheriklik modelini shakllantirish tashabbusini izchil ilgari surib kelmoqda. Bunda gap mintaqani yopiqlikka olib borish haqida emas, balki sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, savdo aloqalarini kengaytirish hamda barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish orqali uning tashqi iqtisodiy xatarlarga birgalikda bardosh berish salohiyatini kuchaytirish haqida bormoqda. SMTI vakili ta'kidlaganidek, “iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik nafaqat iqtisodiy o‘sish manbai, balki jamoaviy xavfsizlikning muhim omilidir”.
Ekspertning ta'kidlashicha, SHHTning bundan keyingi taraqqiyoti xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik hamda texnologik rivojlanish masalalari Tashkilot makonida barqarorlik va izchillikni ta'minlashga qaratilgan yagona strategiyaning o‘zaro uyg‘un va bir-birini to‘ldiruvchi tarkibiy qismlari sifatida qaraladigan yangi kun tartibiga tayanishi lozim.
Shuningdek, Tashkilot doirasida o‘zaro ishonch muhitini saqlab qolish zarurligi alohida qayd etildi. A. Ne'matovning ta'kidlashicha, “xalqaro maydondagi keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda tashqi qarama-qarshiliklarning Tashkilot ichiga ko‘chib o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Shu bois muloqot madaniyati nafaqat qadriyat, balki SHHTning barqaror rivojlanishining muhim shartiga aylanmoqda”.
Uning fikricha, “davlatlar o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar tabiiy hol. Shu sababli ular umumiy kun tartibiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi uchun muloqot, maslahatlashuvlar va ishonchni mustahkamlash mexanizmlarini izchil rivojlantirish zarur”.
O‘zbekistonning SHHTni yanada rivojlantirishga doir yondashuvlarini bayon etar ekan, SMTI vakili mamlakatimiz Tashkilotning ochiq va bloklardan xoli xususiyatini saqlab qolish, shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini mustahkamlashni izchil qo‘llab-quvvatlashini alohida ta'kidladi.
Nutqning asosiy g‘oyasi Markaziy Osiyo SHHTning strategik o‘zagi bo‘lib qolishi zarurligi haqidagi fikr bo‘ldi. Akramjon Ne'matov ta'kidlaganidek, “bu qoida 2025-yilda Pekinda bo‘lib o‘tgan sammit yakunida qabul qilingan Tyanszin deklaratsiyasida o‘z aksini topgan. Eng muhimi, u Yevroosiyo makonidagi hamkorlikning obyektiv tarkibiy voqeligini ifodalaydi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan Markaziy Osiyo SHHTning ichki o‘zaro bog‘liqligini ta'minlaydi. “Geografik joylashuv, iqtisodiy aloqalar va xavfsizlik nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, SHHTning ichki yaxlitligi va o‘zaro bog‘liqligini aynan Markaziy Osiyo ta'minlayotgani yaqqol namoyon bo‘ladi”, — dedi u.
Shu nuqtayi nazardan ekspert Markaziy Osiyo Sharqiy va Janubiy Osiyo, Rossiya hamda Yaqin Sharqni bog‘lovchi asosiy transport yo‘nalishlari kesishgan Yevroosiyoning muhim tranzit markazi ekanini qayd etdi. Bundan tashqari, uning ta'kidlashicha, aynan shu hududda “Shanxay ruhi” tamoyillari eng izchil hayotga tatbiq etilmoqda, mintaqa davlatlari esa o‘zaro ishonchni mustahkamlash bosqichidan yirik infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish bosqichiga o‘tmoqda.
SMTI vakili bunga misol tariqasida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini keltirib, “bu shunchaki transport yo‘lagi emas, balki mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasini tubdan o‘zgartirish salohiyatiga ega strategik koridordir”, deya ta'kidladi.
Shuningdek, u 2022-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan SHHT sammiti “haqiqiy burilish nuqtasi” bo‘lganini eslatib, uning yakunlari bo‘yicha “SHHTning yangi iqtisodiy me'morchiligining strategik va konseptual asoslari yaratilganini” ta'kidladi.
Bundan tashqari, aynan Markaziy Osiyoda Tashkilot xavfsizlik tizimining muhim bo‘g‘inlari – Toshkent shahridagi Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, shuningdek, Dushanbe va Bishkek shaharlarida tashkil etilgan yangi markazlar faoliyat yuritmoqda. “Aslida, bugungi kunda Markaziy Osiyo butun SHHT uchun tizimli barqarorlashtiruvchi omil vazifasini bajarmoqda”, — deya xulosa qildi Akramjon Ne'matov.
Uning ma'ruzasida Afg‘oniston masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. SMTI eksperti ta'kidlaganidek, “SHHTning global boshqaruv tizimida mas'uliyatli subyekt sifatida faoliyat yuritish salohiyati, avvalo, uning o‘z makonida barqarorlikni qay darajada samarali ta'minlay olishiga bevosita bog‘liq”.
Uning qayd etishicha, “Afg‘oniston mintaqaviy xavfsizlikning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Ushbu mamlakatdagi beqarorlik terrorizm va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishidan tortib transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik hamda iqtisodiy integratsiyagacha bo‘lgan keng Yevroosiyo makonidagi jarayonlarga bevosita ta'sir ko‘rsatadi”.
Shu munosabat bilan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari A. Ne'matov muhokamalardan amaliy harakatlarga o‘tish zarurligini ta'kidladi. “Afg‘oniston masalasiga e'tiborni saqlab qolishning o‘zi yetarli emas. Endi amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishga tushirish vaqti keldi. Shu nuqtayi nazardan, “SHHT – Afg‘oniston” Aloqa guruhi faoliyatini qayta tiklash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, Afg‘onistonning amaldagi hokimiyati bilan muloqotni rivojlantirish hamda mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash muhimdir. Zero, Afg‘oniston iqtisodiyoti tiklanmas ekan, mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlash haqida so‘z yuritish qiyin”, — dedi A. Ne'matov.
Forum doirasida SMTI delegatsiyasi Xitoyning yetakchi tahlil markazlari va oliy ta'lim muassasalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanchji, Xitoy Xalqaro tadqiqotlar akademiyasi Yevroosiyo tadqiqotlari instituti direktori Din Syaosin, Butunjahon sinologiya markazi rahbari Syuy Baofen hamda Sinxua universiteti Xalqaro munosabatlar instituti direktori, professor Yan Syuetun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muloqotlar chog‘ida xitoylik ekspertlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari “barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarilgani borasida yakdil fikr bildirdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy integratsiyani ilgari surish hamda “Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasini shakllantirishdagi alohida o‘rni yuksak baholandi. Natijada bugungi kunda mintaqa Xitoyda yangi imkoniyatlar makoni va Yevroosiyo hamkorligining muhim markazlaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda.
Shu bilan birga, hamkorlikning yuqori texnologiyalar yo‘nalishini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilishi qayd etildi. Xususan, Xitoy tomoni O‘zbekiston bilan raqamli iqtisodiyot, sun'iy intellekt, innovatsiyalar hamda ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlik sohalarida aloqalarni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.