O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Sport

Hyustonda O‘zbekiston milliy jamoasini qo‘llab-quvvatlash marshida 4 mingdan ortiq muxlis ishtirok etdi

UzDaily tahririyati · 25.06.2026 · 14:10 · 29 views
Hyustonda O‘zbekiston milliy jamoasini qo‘llab-quvvatlash marshida 4 mingdan ortiq muxlis ishtirok etdi

Hyustonda O‘zbekiston milliy jamoasini qo‘llab-quvvatlash marshida 4 mingdan ortiq muxlis ishtirok etdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSHning Hyuston shahrida futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli muxlislar marshi tashkil etildi. Unda 4 mingdan ortiq vatandoshlar ishtirok etib, mamlakatimiz bayroqlari ostida stadion tomon yo‘l oldilar.

AQSHning turli shtatlari hamda boshqa davlatlardan tashrif buyurgan o‘zbekistonlik muxlislar ishtirokida o‘tgan ushbu tadbir shaharda haqiqiy bayramona muhitni yaratdi. Marsh nafaqat mahalliy aholi va xorijiy mehmonlar, balki xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillarining ham katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Mazkur tadbir Turizm qo‘mitasi tomonidan Jahon chempionati doirasida O‘zbekistonning turistik salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish maqsadida amalga oshirilayotgan kompleks dasturning bir qismi hisoblanadi. Loyihaning ilk bosqichi Mexiko shahrida tashkil etilgan rasmiy fan-zona va milliy turistik stend bilan boshlangan bo‘lsa, Hyustonda madaniy va gastronomik tadbirlar bilan davom etdi. Navbatdagi targ‘ibot dasturlari 27-iyun kuni Atlanta shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Shu tariqa, Jahon chempionati o‘tkazilayotgan yirik shaharlar O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy turizm imkoniyatlarini namoyish etish maydoniga aylanmoqda. Chempionat mehmonlari o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘lish, xalqimiz an’analari va hunarmandchilik namunalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. 

Bunday formatdagi targ‘ibot ishlari futbol bayramini nafaqat sport tadbiri, balki O‘zbekistonni millionlab muxlislarga jozibador turistik yo‘nalish sifatida tanitish uchun muhim imkoniyatga aylantirmoqda. Shu bilan birga, xalqaro OAV va chempionat ishtirokchilarining yurtimizga bo‘lgan qiziqishi mamlakatimiz turistik brendining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.