Financial Times: Yashil energetika O‘zbekiston iqtisodiyotini o‘zgartirmoqda
VideoFinancial Times: Yashil energetika O‘zbekiston iqtisodiyotini o‘zgartirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy chorrahasida joylashgan O‘zbekiston iqtisodiyotini keng ko‘lamda modernizatsiya qilish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga jadal o‘tishni amalga oshirmoqda.
Financial Times nashrining maxsus reportajida taʼkidlanishicha, energetika sohasidagi keng qamrovli islohot respublika uchun iqtisodiyotni liberallashtirish va xalqaro kapitalni jalb qilishning asosiy vositasiga aylangan.
Uzoq yillar davomida O‘zbekiston energetika tizimi to‘liq tabiiy gazga tayangan. Biroq 1991 yildan buyon mamlakat aholisi qariyb ikki baravarga oshdi, iqtisodiyot esa har yili o‘rtacha 6–7 foiz surʼatlarda o‘sib, energiya isteʼmolining keskin ortishiga olib keldi.
Energetika vazirining maʼlum qilishicha, mamlakat tabiiy gazning sof eksportchisidan uning sof importchisiga aylangan. Vaziyat neft konlarining taxminan 85 foizi tugab borayotgani va mavjud gaz zaxiralari kelgusi 20 yil ichida kamayib ketishi mumkinligi bilan yana-da murakkablashmoqda.
Shu sharoitda mamlakat rahbariyati sobiq sovet davridan qolgan monopoliya tizimini isloh qilishga kirishdi. 2018 yilda yagona energetika tizimi energiya ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash bo‘yicha alohida tuzilmalarga ajratildi. Shu bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasi xususiy kapital uchun ochildi. Sohaning investitsiyaviy jozibadorligini taʼminlashda isteʼmol tariflarini isloh qilish muhim qadam bo‘ldi.
Yangi bozorga birinchi bo‘lib Fors ko‘rfazi davlatlarining yirik davlat investitsiya fondlari kirib keldi. Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi 2020 yildan buyon O‘zbekistonda umumiy qiymati 15 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan va 11 400 megavatt quvvatni qamrab olgan loyihalar portfelini shakllantirdi.
Bozorning yana bir muhim ishtirokchisi — Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi 2019 yildan buyon quyosh va shamol energetikasi, shuningdek, energiya saqlash tizimlariga 2 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritdi. Shu bilan birga, mutaxassislar yirik g‘arb investorlari hali respublika bozoriga faol kirib kelmayotganini qayd etmoqda. Ularning fikricha, arab fondlaridan farqli ravishda, g‘arb sarmoyadorlari geosiyosiy xavflarga nisbatan sezgirroq bo‘lib, investitsiyalar uchun qo‘shimcha sug‘urta mexanizmlarini talab qiladi.
Yashil energetikaga o‘tish nafaqat makroiqtisodiy darajada, balki aholi va biznesning kundalik hayotida ham o‘zgarishlar yaratmoqda.
Shahar ko‘chalarida mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD elektrobuslari va elektromobillari soni oshib bormoqda. Davlat subsidiyalari va bank kreditlaridan foydalanayotgan aholi uy tomlariga quyosh panellarini faol o‘rnatmoqda.
Mahalliy biznes, ayniqsa to‘qimachilik va agrar tarmoqlar uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish jahon taʼminot zanjirlariga integratsiyalashishning muhim shartiga aylangan. Chunki xalqaro brendlar o‘z yetkazib beruvchilaridan yashil iqtisodiyot standartlariga muvofiqlikni talab qilmoqda.
Mazkur dastur oldidagi asosiy muammo elektr tarmoqlarining holati bo‘lib qolmoqda. Mamlakat elektr tarmoqlarining 60 foizdan ortig‘i 30 yildan ziyod vaqtdan beri ekspluatatsiya qilib kelinmoqda.
Gaz elektr stansiyalarining eskirishi va gidroenergetika uchun suv resurslari taqchilligi sharoitida energiya saqlash tizimlari tarmoq barqarorligini taʼminlashning muhim yechimi sifatida qaralmoqda. Infratuzilmaviy cheklovlarni bartaraf etish uchun hukumat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarni 5 ming kilometrdan ortiq yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari va yangi podstansiyalar qurilishiga jalb qilmoqda.
Islohotlarning dastlabki bosqichlaridagi muvaffaqiyatlar O‘zbekistonni strategik maqsadlarini yana-da kengaytirishga undadi. Endi mamlakat 2030 yilga qadar energiya balansidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishni, 2035 yilgacha birinchi atom elektr stansiyasini qurishni va 2050 yilga borib uglerod neytralligiga erishishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, respublika elektr energiyasini Janubiy Osiyo mamlakatlariga, jumladan Pokiston va Afg‘onistonga eksport qilishni hamda Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan hamkorlikda Qora dengiz tubi orqali o‘tadigan «yashil koridor» loyihasi orqali Yevropa yagona energetika tizimiga ulanishni ko‘zlamoqda.
Energetika sohasida davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha to‘plangan tajribani hukumat sog‘liqni saqlash, taʼlim va irrigatsiya sohalariga ham tatbiq etishni rejalashtirmoqda.
Ayrim xalqaro kuzatuvchilar tez o‘sish surʼatlari sharoitida byurokratik to‘siqlar va institutsional imkoniyatlar yetarli emasligi haqida shubhalar bildirsa-da, ekspertlar O‘zbekistondagi o‘zgarishlar surʼati va yo‘nalishi uni butun mintaqa uchun o‘ziga xos namunaga aylantirayotganini taʼkidlamoqda.