FAO va Zamin fondi maktab o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom va ekologik barqaror ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qildi
FAO va Zamin fondi maktab o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom va ekologik barqaror ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xiva shahrida “Eco-schools Uzbekistan” loyihasi doirasida ekologik ta’lim, sog‘lom turmush tarzi va barqaror ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan tashkil etilib, unda ekomaktab o‘quvchilari, pedagoglar, ekspertlar hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi maktab o‘quvchilari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari hamda maktab oshxonalari va bufet xodimlari uchun ishlab chiqilgan sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha uslubiy materiallarni taqdim etdi. Ushbu materiallar FAOning “Maktabda ovqatlanish dasturini sinovdan o‘tkazish orqali oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni yaxshilashga ko‘maklashish” texnik hamkorlik loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Mazkur loyiha FAO tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Loyiha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, sog‘lom ovqatlanish savodxonligi va ekologik jihatdan mas’uliyatli ovqatlanish odatlarini maktab muhitida targ‘ib qilishga qaratilgan.
Ushbu loyiha doirasida Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi pilot maktablarda o‘quvchilar, o‘qituvchilar va maktab oshxonalari xodimlari o‘rtasida bazaviy tadqiqotlar o‘tkazildi. Tadqiqot natijalari asosida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun ta’lim materiallari, shuningdek maktab oshxonalari va bufet xodimlari uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xivadagi tadbir davomida ushbu materiallarning amaliy qo‘llanilishi namoyish etildi. O‘qituvchilar va 8–9-sinf o‘quvchilari uchun moslashtirilgan “Sog‘lig‘ingizni va atrof-muhitni asrash uchun qanday ovqatlanish kerak?” mavzusida trening va 8–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Maktabda sog‘lom ovqatlanish: bilimdan amaliyotga” mavzusida interaktiv mini-debatlar tashkil etildi.
Tadbir doirasida bolalar uchun sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan amaliy-interaktiv mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Ularda yuqori malakali nutrisiolog-diyetolog Kamilla Bakisheva hamda oshpaz Bahriddin Najmidinov — Chustiy ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar orqali o‘quvchilar muvozanatli ratsion tuzish, mahsulotlar tarkibiga e’tibor qaratish, sog‘lom tushlik va kundalik menyuni shakllantirish bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar oziq-ovqat xavfsizligining asosiy tamoyillari, sog‘lom ovqatlanish asoslari, ovqatlanish va atrof-muhit o‘rtasidagi bog‘liqlik, shuningdek kundalik oziq-ovqat tanlovida ongli va mas’uliyatli yondashuvning ahamiyati bilan tanishdi.
Tadbirda “Zamin” fondi tomonidan ilgari surilayotgan ekologik ta’lim tashabbuslari FAOning maktablarda sog‘lom va to’g’ri ovqatlanish bo‘yicha yondashuvlari bilan uyg‘un holda taqdim etildi. Bu bolalarda nafaqat tabiatga mas’uliyatli munosabatni, balki oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘lom ovqatlanish va atrof-muhit o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tushunishni shakllantirishga xizmat qiladi.
FAO tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy materiallar kelgusida umumta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan respublika treninglari uchun asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda. Ushbu yondashuv bolalar, pedagoglar va maktab oshxonalari xodimlarining sog‘lom, shu bilan birga xavfsiz ovqatlanish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga ko‘mak beradi.