O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

FAO va Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda Fermerlar dala maktablari orqali barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqda

UzDaily tahririyati · 23.07.2026 · 18:15 · 120 views
FAO va Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda Fermerlar dala maktablari orqali barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqda

FAO va Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda Fermerlar dala maktablari orqali barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil aprel oyidan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Yevropa Ittifoqining (YI) moliyaviy ko‘magi ostida “Xavfli kimyoviy moddalarni samarali boshqarish uchun texnik ko‘maklashish” loyihasi doirasida Fermerlar dala maktablari faoliyatini amalga oshirmoqda. Tashabbus 2026-yil dekabr oyigacha davom etadi hamda O‘zbekistonning to‘rtta hududida – Farg‘ona viloyatida bitta, Namangan viloyatida bitta va Jizzax viloyatida ikkita Fermerlar dala maktabida joriy etilmoqda. Har bir maktabda issiqxona sharoitida pomidor, bodring, qalampir va boshqa sabzavot ekinlarini yetishtiruvchi 15 nafar kichik fermer ishtirok etmoqda.

2026-yil iyun oyida FAO Fermerlar dala maktablari ishtirokchilari uchun dala kunlari va tayyorgarlik mashg‘ulotlarini tashkil etdi. Ushbu tadbirlar fermerlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, o‘simliklarni himoya qilishning barqaror usullarini keng targ‘ib etishga xizmat qildi. Interaktiv mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish, daladagi kuzatuvlar natijalarini tahlil qilish hamda mahalliy sharoitga mos ilg‘or agrotexnik usullar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi vakili Roberto Aparisio ham tashrifda ishtirok etib, mazkur tashabbusning ahamiyati hamda FAO va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonda qishloq taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash borasidagi mustahkam hamkorligini alohida e’tirof etdi.

Tashriflardan ko‘zlangan maqsad Fermerlar dala maktablari faoliyatining amalga oshirilish jarayonini baholash va kelgusidagi ishlarni rejalashtirishga mahalliy manfaatdor tomonlarni jalb etishdan iborat bo‘ldi. Ishtirokchilar erishilgan natijalarni muhokama qilib, mavjud muammolarni tahlil qildilar hamda hududda Fermerlar dala maktablari yondashuvining samaradorligi va qamrovini yanada kengaytirish imkoniyatlarini belgilab oldilar.

“Fermerlar dala maktabi dasturi menga juda katta foyda berdi. Men uchun eng muhim saboq – bu profilaktika, ya’ni ekishdan oldin tuproqni to‘g‘ri tayyorlash va barcha zarur choralarni ko‘rishdir. Zararkunandalar va kasalliklarning oldini olish ularni keyinchalik bartaraf etishga qaraganda ancha samarali. Men bu usullarni allaqachon amaliyotga joriy qila boshladim va ayniqsa muntazam kuzatuv hamda muammolarni erta aniqlashga qaratilgan yondashuvni juda foydali deb bilaman,” — dedi Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi Fermerlar dala maktabi ishtirokchisi Nurmuhammad Mamajonov.

“Fermerlar bilan bevosita dalada ishlash bizga amaliy natijalarni yaqqol kuzatish imkonini bermoqda. Jumladan, ishlab chiqarish amaliyotlari takomillashmoqda, o‘simliklarni biologik himoya qilish usullaridan foydalanish kengaymoqda hamda fermerlarning o‘z bilim va ko‘nikmalariga bo‘lgan ishonchi ortmoqda,” — dedi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha texnik eksperti Jahongir Babadjanov. “Bunday amaliy o‘quv mashg‘ulotlari mahalliy hamjamiyatlarda barqaror ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.”

Fermerlar dala maktablari yondashuvi ishtirokchilarga asoslangan va amaliy tajribaga tayanuvchi ta’lim usulini ilgari suradi. Ushbu yondashuv fermerlarga innovatsion qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini bevosita dala sharoitida sinovdan o‘tkazish va amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi. Natijada ishtirokchilar o‘zlarining texnik salohiyatini mustahkamlaydi, ekinlar hosildorligini oshiradi hamda o‘simliklarni biologik himoya qilish usullarini kengroq qo‘llay boshlaydi. Bu esa xavfli kimyoviy moddalar qo‘llanilishini kamaytirishga xizmat qiladi.

Mazkur loyiha orqali FAO va Yevropa Ittifoqi mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda. Xususan, manfaatdor tomonlarning salohiyatini mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda milliy ustuvor yo‘nalishlar va kengroq mintaqaviy rivojlanish maqsadlariga xizmat qiluvchi barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini ilgari surishga ko‘maklashmoqda.