Eco Expo 2026 doirasida O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni hayotiy sikl asosida boshqarish masalalari muhokama qilindi
Eco Expo 2026 doirasida O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni hayotiy sikl asosida boshqarish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari kotibiyatlari (BRS) hamkorligida Eco Expo Central Asia 2026 doirasida tadbir tashkil etildi. Tadbir O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha integratsiyalashgan, hayotiy siklga asoslangan tizimni rivojlantirish yo‘lida erishilgan yutuqlarni namoyish etdi.
“O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalar hayotiy siklini boshqarishni kuchaytirish: milliy yutuqlar, hamkorlik va kelgusi rejalar” mavzusidagi tadbir 2026-yil 3-iyun kuni Samarqand shahridagi Silk Road Samarkand turizm majmuasining Expo markazida bo‘lib o‘tdi. Muhokamalar Expo ko‘rgazmasining “Yashil texnologiyalar va qayta ishlash” yo‘nalishi doirasida tashkil etilib, xavfli chiqindilar, eskirgan pestitsidlar, doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar (POPs) va ifloslangan hududlar masalalariga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha milliy tizimini Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari talablariga moslashtirish maqsadida muhim islohotlarni amalga oshirmoqda. Yevropa Ittifoqi va boshqa hamkorlarning ko‘magi ostida mamlakatimiz eskirgan pestitsidlar va ifloslangan hududlar kabi tarixiy ekologik xavflarni bartaraf etish bo‘yicha izchil ish olib bormoqda.
Mazkur sa’y-harakatlar kelgusida xavfli kimyoviy moddalar to‘planishining oldini olishga qaratilgan samarali profilaktik choralar bilan to‘ldirilmoqda. Shu tariqa, O‘zbekiston nafaqat o‘tmishdan qolgan muammolarni hal etmoqda, balki yanada xavfsiz va barqaror kelajak uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Aziz Abduhakimov, BRS konvensiyalari Ijrochi kotibi Rolf Payet, FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, shuningdek Global ekologik jamg‘arma (GEF) vakili so‘zga chiqdi.
Profilaktik tizimlarni rivojlantirishda FAOning o‘rni
“FAO O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni boshqarish bo‘yicha izchil va hayotiy siklga asoslangan yondashuvni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlayotganidan mamnun”, — dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. “Mazkur tadbir davlat organlari, BMT agentliklari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari muhim natijalar berayotganini namoyon etadi. Ushbu hamkorlik atrof-muhit va aholi salomatligi uchun xavflarni kamaytirish, xavfsiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda xalqaro standartlarga muvofiqlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu faoliyatni amalga oshirish imkonini yaratgan Yevropa Ittifoqiga “Xavfli kimyoviy moddalarni samarali boshqarish uchun texnik ko‘maklashish” loyihasi doirasidagi ko‘magi uchun minnatdorchilik bildiramiz.”
BRS konvensiyalari Ijrochi kotibi Rolf Payet shunday dedi: “Davlatlar va BMT tashkilotlari o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik global majburiyatlarni amaliy va o‘lchab bo‘ladigan natijalarga aylantiruvchi asosiy kuchdir. Pestitsidlarni oqilona boshqarishga investitsiya kiritish orqali O‘zbekiston uzoq muddatli oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlamoqda, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy barqarorligini oshirmoqda va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shmoqda. Biz foydalanadigan mahsulotlarning butun hayotiy siklini qamrab olgan holda iqtisodiy, sog‘liqni saqlash va iqlim bilan bog‘liq xavflarni kamaytiramiz, barqarorlikni kuchaytiramiz, aholi turmush manbalarini himoya qilamiz hamda sog‘lom ekotizimlar va sog‘lom jamiyatlar uyg‘un rivojlanadigan kelajakni yaratamiz.”
“Kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish tizimini yaratish pestitsidlarning hayotiy siklining barcha bosqichlarini o‘z ichiga oluvchi keng qamrovli yondashuvni talab etadi”, — dedi FAOning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassisi va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha bo‘yicha yetakchi texnik mutaxassis Artur Shamilov. “Normativ-huquqiy bazani mustahkamlash, monitoring tizimlarini rivojlantirish, xavfsiz qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini targ‘ib qilish va fermerlarning bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish orqali FAO milliy hamkorlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Bu O‘zbekiston tizimining nafaqat bugungi kunda samarali ishlashini, balki kelajakdagi o‘zgarishlarga moslasha olishini ham ta’minlaydi. Ushbu tadbir xalqaro majburiyatlar va hamkorlikni mahalliy darajadagi amaliy natijalarga aylantirishda hayotiy siklga asoslangan yondashuvlarning naqadar muhimligini ko‘rsatadi.”
Kimyoviy moddalarni boshqarish sohasida BMTTDning global va milliy miqyosdagi faoliyatiga to‘xtalgan holda, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii quyidagilarni ta’kidladi:
“BMTTD dunyoning 84 mamlakatida Stokgolm konvensiyasini amalga oshirish va sanoatda qo‘llaniladigan zararli moddalarga xavfsiz muqobillarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz ayni paytda O‘zbekistonda hamkorlarimiz va GEF ko‘magida ifloslangan hududlarni rekultivatsiya qilish hamda doimiy ifloslanish oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan yangi dasturni tayyorlamoqdamiz. Kuchli hamkorlik, uzoq muddatli majburiyat va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qiladigan ushbu muhim tashabbusni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z tajribamizni safarbar etishga tayyormiz.”
Tadbirda davlat tashkilotlari, BMT agentliklari, donorlar, xususiy sektor vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari ishtirok etdi. Texnik sessiya davomida pestitsidlarning hayotiy siklini boshqarish, monitoring va laboratoriya tizimlari, xavflarni kamaytirish, barqaror amaliyotlar hamda Stokgolm konvensiyasi doirasida doimiy organik ifloslantiruvchi moddalarni boshqarish bo‘yicha erishilgan amaliy natijalar taqdim etildi.
Muhokamalar uchta ustuvor yo‘nalishga qaratildi: eskirgan pestitsidlarni ekologik jihatdan xavfsiz utilizatsiya qilish va o‘ta xavfli pestitsidlar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish; monitoring, laboratoriya va me’yoriy ma’lumotlar tizimlarini mustahkamlash; hamda xavfli kimyoviy moddalardan foydalanishga qaramlikni kamaytiruvchi o‘simlik zararkunandalari va kasalliklarini boshqarishning barqaror usullarini rivojlantirish.
Mazkur tadbir O‘zbekistonda kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarishning barqaror, integratsiyalashgan va samarali tizimini shakllantirishda hamkorlar hamda O‘zbekiston Hukumatining doimiy ko‘magi muhim ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor tasdiqladi.