O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Deputatlar Oʻzbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish boʻyicha hisobotni tinglashdi

Dilafro'z Niyazova · 18.08.2026 · 22:05 · 315 views
Deputatlar Oʻzbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish boʻyicha hisobotni tinglashdi
Deputatlar Oʻzbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish boʻyicha hisobotni tinglashdi  / Foto: Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S. Murodovning “Davlat mulkini xususiylashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobini ko‘rib chiqdi.

Taqdim etilgan javobga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat aktivlarini xususiylashtirish ko‘lami yildan-yilga ortib, bu borada zamonaviy va xalqaro amaliyotga mos mexanizmlar joriy etiilishi natijasida davlat ishtirokidagi korxonalarni bosqichma-bosqich qisqartirish jarayonlari jadallashtirilmoqda.

Parlament so‘rovida davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirishga oid Prezident farmon va qarorlarining ijrosi, xususiylashtirish dasturlarining bajarilishi hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ko‘tarilgan savollarga tegishli javoblar berilgan.

Unda keltirilishicha, davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish hamda tushumni ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarning aksariyati bajarilgan, bajarilmay qolgan qismi yuzasidan esa batafsil izohlar parlament so‘roviga javobda keltirilgan.

Shuningdek, 2025 yilga belgilangan 7 ta maqsadli indikatordan 6 tasi bajarilgani, biroq davlat aktivlarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘larni respublika budjetiga o‘tkazish ko‘rsatkichi to‘liq amalga oshmagani hamda uning to‘liq bajarilmaslik sabablari batafsil bayon etilgan.

Javobda davlat aktivlari agentligi tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish hamda davlat ko‘chmas mulklarini ijaraga berishda berilgan imtiyozlar ham alohida keltirilgan. Xususan, davlat ko‘chmas-mulk obyektlari va ulush (aksiya)larni sotish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini realizatsiya qilish, davlat ko‘chmas-mulk obyektlarini ijaraga berish orqali imtiyozlar berilgan.

Majlisda deputatlar davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish, savdoga chiqarilayotgan obyektlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, ularni realizatsiya qilishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Shu bilan birga, bo‘sh turgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish, tadbirkorlar uchun yer uchastkalari va ko‘chmas mulk obyektlarini realizatsiya qilish mexanizmlarini yanada soddalashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Majlisda parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilgani ta’kidlanib, parlament so‘roviga javob ma’lumot uchun qabul qilindi.