Deputatlar himoyaning protsessual huquqlarini kengaytirishni ma'qulladilar
Deputatlar himoyaning protsessual huquqlarini kengaytirishni ma'qulladilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyiha bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda.
Loyihaga ko‘ra, jinoyat ishi sudga faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, himoyachiga dastlabki tergov yoki surishtiruv yakunlanganidan keyin besh sutka ichida “himoya fikri”ni taqdim etish huquqi berilishi belgilanmoqda. Himoya fikridaayblovga munosabat, dalillar, jazoni yengillashtiruvchi holatlar, sudga chaqirilishi so‘ralayotgan shaxslar va boshqa fikrlar aks ettirilishi mumkin.
Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar sud muhokamalarida tenglikni ta’minlash, sudyaning ish bo‘yicha har ikki tomon fikri bilan oldindan tanishishiga imkoniyat yaratish hamda odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi bilan sud jarayonlarida tortishuv prinsipi mustahkamlanadi, advokatning roli va ta’siri ortadi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.