Buxoroda tuman hokimi o‘rinbosari pora bilan ushlandi
Buxoroda tuman hokimi o‘rinbosari pora bilan ushlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro viloyatida tuman hokimining o‘rinbosari yirik miqdorda pora olganlikda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar qildi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, Buxoro tumanida shartnoma asosida qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fermer amaldorga «Qum Sulton» massivida joylashgan ekin maydonlariga suv yetkazib berishni qayta tiklashda yordam so‘rab murojaat qilgan. Qayd etilishicha, ushbu maydonlarga Kogon tumani hududi orqali suv berish to‘xtatilgan bo‘lgan.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, hokim o‘rinbosari suv taʼminotini qayta tiklash va kelgusida bunday muammolar yuzaga kelmasligini taʼminlashni vaʼda qilgan. Bu xizmatlari evaziga u 15 ming AQSH dollari talab qilgan.
Mansabdor pul mablag‘larini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandlari bilan pora olish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.