Baxtiyor Inokov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Podpolkovnik Baxtiyor Rahimjonovich Inokov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi lavozimida unga jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini oshirish va har bir mahallada xavfsizlikni taʼminlash vazifasi yuklatildi.
Yangi rahbar oldiga aholi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarni o‘rganish va ularni hal etish yo‘llarini izlash vazifalari ham qo‘yildi. Aholining ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratish topshirildi.
Tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlari rahbarlariga jinoyat sodir etilishiga olib keluvchi omillarni manzilli bartaraf etish hamda har bir mahalladagi ish samaradorligini oshirish vazifasi yuklatildi.
Baxtiyor Inokov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimida Timur Ismoilovning o‘rnini egalladi.
Avvalroq Timur Ismoilov O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i etib tayinlangan edi.