18 iyuldan Toshkent — Bekobod yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnaydi
18 iyuldan Toshkent — Bekobod yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnaydi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi 18 iyuldan Toshkent — Bekobod — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yangi elektropoyezdning muntazam harakatini yo‘lga qo‘yadi. №7050/7049 raqamli yo‘lovchi qatnovi har kuni amalga oshiriladi.
Poyezd Yangiyo‘l, Chinoz, Sirdaryo, Guliston, Yangiyer va Xavast orqali harakatlanadi. Bekoboddan poyezd soat 6:00 da yo‘lga chiqib, Toshkentga soat 9:16 da yetib keladi. Qaytish yo‘nalishida esa poyezd Toshkentdan soat 18:34 da jo‘nab, Bekobodga soat 21:38 da yetib boradi.
Chipta narxi kattalar uchun 15 ming so‘m, bolalar uchun esa 9 ming so‘m etib belgilangan.
EP3D rusumidagi yangi elektropoyezd oltita vagondan iborat bo‘lib, konditsionerlar, mobil qurilmalarni quvvatlash uchun USB portlari, simsiz internet hamda nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ko‘tarish moslamalari bilan jihozlangan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Bekobodga amalga oshirgan ishchi tashrifi chog‘ida ushbu yangi elektropoyezd bilan tanishib, Toshkentdan Bekobodgacha unda safar qilgan edi.
Poyezdning eng yuqori tezligi soatiga 120 kilometrni tashkil etadi. U bir vaqtning o‘zida 586 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega. Kutilishicha, har kuni undan taxminan 1 ming nafar yo‘lovchi foydalanadi, yillik yo‘lovchi oqimi esa 300 ming nafargacha yetadi.
Joriy yilning may oyida Toshkent viloyatida Nurafshon — Bekobod — Yangiyer temir yo‘l tarmog‘i qurilishi boshlangan edi. Loyiha doirasida to‘rtta yangi stansiya, 21 ta yo‘l o‘tkazgich, oltita ko‘prik va bitta yarim tortish stansiyasini barpo etish nazarda tutilgan.