Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga 6 mingdan ortiq tovar uchun imtiyoz bermoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga 6 mingdan ortiq tovar bo‘yicha nol stavkagacha bo‘lgan bojxona preferensiyalarini taqdim etmoqda. Bu haqda “O‘zbekekspertiza” AJ bosh direktori Umidjon Aʼzamxo‘jayev maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi 1,6 mingdan ortiq korxona REX tizimida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, o‘z mahsulotlarini imtiyozli bojxona stavkalaridan foydalangan holda Yevropa bozoriga eksport qilmoqda. Eksport maxsus savdo rejimi — GSP+ doirasida amalga oshirilmoqda.
«Yevropa Ittifoqining mamlakatimizga GSP+, yaʼni maxsus savdo rejimini taqdim etishi O‘zbekistonning xalqaro maydonda yuqori darajada eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi. Biz respublikada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning kelib chiqishini tasdiqlovchi sertifikatlarni beramiz. Maxsus savdo rejimi doirasida mamlakatimizdan eksport qilinadigan 6 mingdan ortiq tovar uchun nol stavkasigacha bo‘lgan bojxona preferensiyalari taqdim etilmoqda», — dedi “O‘zbekekspertiza” rahbari.
Aʼzamxo‘jayevning taʼkidlashicha, tashkilot O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning kelib chiqishini tegishli sertifikatlarni berish orqali tasdiqlash jarayonida ishtirok etadi.
Shu tariqa, REX tizimida ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston korxonalari GSP+ doirasida nazarda tutilgan bojxona preferensiyalaridan foydalangan holda mahsulotlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish imkoniyatiga ega.