O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

UzAuto Motors Chevrolet Suburban High Country sotuvini boshladi

UzDaily tahririyati · 07.07.2026 · 21:15 · 32 views
UzAuto Motors Chevrolet Suburban High Country sotuvini boshladi

UzAuto Motors Chevrolet Suburban High Country sotuvini boshladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «UzAuto Motors» AJ O‘zbekiston bozorida yangi Chevrolet Suburban High Country yo‘ltanlamas avtomobili sotuvi boshlanganini eʼlon qildi.

Avtomobil 6,2 litr hajmli, 420 ot kuchiga ega atmosferali benzinli V8 dvigateli bilan jihozlangan. Kuch agregati 10 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi va to‘liq yuritma tizimi bilan uyg‘unlikda ishlab, turli yo‘l qoplamalarida ishonchli tezlanish va barqaror harakatni taʼminlaydi.

Modelning standart jihozlar to‘plamiga adaptiv pnevmatik osma tizimi, shuningdek, zamonaviy xavfsizlik tizimlari majmuasi kiradi. Ular orasida kurs barqarorligi tizimi (ESC), sirpanishga qarshi tizim (TCS), tormoz kuchini elektron taqsimlash tizimi (EBD), piyodalarni aniqlash tizimi, avtomatik favqulodda tormozlash tizimi, harakatlanish yo‘lagida ushlab turish tizimi hamda ko‘rinmaydigan hududlarni kuzatish tizimi mavjud.

Avtomobilning multimedia tizimi 17,7 dyuymli rangli displey bilan jihozlangan. Haydovchi uchun proyeksion displey va diagonali 11 dyuymli raqamli asboblar paneli ham nazarda tutilgan.

Chevrolet Suburban High Country uzunligi 5748 mm, kengligi 2058 mm, balandligi 1934 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3407 mm. Yo‘ltanlamas yetti nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, keng yukxonaga ega. Kompaniya taʼkidlashicha, salonning kengligi ushbu modelni katta oilalar, korporativ safarlar, uzoq masofali sayohatlar va faol turmush tarzi uchun munosib tanlovga aylantiradi.

Chevrolet Suburban High Country uchun tavsiya etilgan chakana narx 1 485 100 000 so‘mni tashkil etadi.

Model haqida qo‘shimcha maʼlumotni UzAuto Motors call-markazi, Chevrolet Uzbekistan rasmiy sayti hamda kompaniyaning rasmiy dilerlari orqali olish mumkin.