O'zbekiston va UNIDO yashil texnologiyalar markazini yaratishga kelishib oldilar
O'zbekiston va UNIDO yashil texnologiyalar markazini yaratishga kelishib oldilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 22–24-iyun kunlari O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyevning Vena shahriga amaliy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida Avstriya rahbariyati, yirik korporatsiyalar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari bilan qator muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqotlar davomida Avstriya moliya vaziri o‘rinbosari Andreas Rayxardt, Iqtisodiyot, energetika va turizm vazirligi vakili Elizabet Vayssebek, Leoben tog‘-geologiya universiteti rahbariyati hamda BPG, Scotty Group, Leitner Ropeways, Fedaja, Frequentis va ILF kabi yetakchi kompaniyalarning top-menejerlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda tomonlar tog‘-kon sanoati, infratuzilma, transport va texnologiyalar sohasidagi qo‘shma loyihalarni atroflicha muhokama qildilar.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish bo‘yicha tashkiloti (UNIDO) bosh direktori o‘rinbosari Fatu Xaydara bilan kechgan uchrashuvning muhim natijasi o‘laroq, O‘zbekistonda Yashil sanoat texnologiyalari mintaqaviy xabini tashkil etish bo‘yicha Qo‘shma deklaratsiya imzolandi.
Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi OPEC Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasining 50 yilligiga bag‘ishlangan forumda ham ishtirok etdi.
Anjuman doirasida Akram Aliyev jamg‘arma vitse-prezidenti Shayma Al-Shaybi bilan uchrashuv o‘tkazib, unda amaldagi loyihalar holati ko‘rib chiqildi va yangi kelishuvlar mustahkamlab qo‘yildi.