Toshkentda 11 million dollarlik kriptoaktivlar noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Toshkentda 11 million dollarlik kriptoaktivlar noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Xavfsiz va sog‘lom yurt» oyligi doirasida o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qiymati 10 million 976 ming AQSH dollariga teng kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi aniqlandi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, Samarqand viloyatida tug‘ilgan, Toshkent shahrida yashab kelgan 20 yoshli shaxs jinoiy yo‘l bilan olingan pul mablag‘larini kriptoaktivlarga almashtirib kelgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u shu yo‘l bilan mablag‘larning kelib chiqish manbasini, ularning haqiqiy egalarini hamda moliyaviy oqimlar harakatini yashirishga uringan.
Gumonlanuvchining vaqtinchalik yashash joyi ko‘zdan kechirilganda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan 24 ta mobil telefon, 20 ta bank plastik kartasi, noutbuk va Wi-Fi router musodara qilindi. Ushbu ashyolar ish bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida eʼtirof etildi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 278-8-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.