Ta'lim, sog'liqni saqlash va atrof-muhit: O'zbekiston "Salomatlik yo'nalishlari" dasturini kengaytirmoqda
Ta'lim, sog'liqni saqlash va atrof-muhit: O'zbekiston "Salomatlik yo'nalishlari" dasturini kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi 60-sonli umumta’lim maktabida “Sog‘lom avlodni tarbiyalaymiz” mavzusidagi Respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Salomatlik yo‘nalishlari” ta’lim dasturi (global “Nestlé for Healthier Kids” tashabbusining bir qismi) doirasida tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita, Respublika ta’lim markazi, Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, tibbiyot sohasi vakillari, pedagoglar hamda mamlakatning 12 hududidan bolalar salomatligi bo‘yicha ekspertlarni birlashtirdi.
“Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining asosiy maqsadi – mamlakatning yosh avlodida sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantirishdir. Dastur O‘zbekistondagi Nestlé kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Respublika ta’lim markazi ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Seminar davomida 2025–2026-o‘quv yili yakunlari bo‘yicha dastur natijalari sarhisob qilindi, shuningdek, uni maktab ta’limi tizimida yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari muhokama etildi. Bugungi kunda dastur Toshkent shahri, O‘zbekistonning 12 viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktablarda amalga oshirilmoqda. Har yili 12 mingdan ortiq o‘quvchi sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabat tamoyillari bo‘yicha tematik darslar, amaliy mashg‘ulotlar va ta’lim tashabbuslari orqali bilim olmoqda.
Seminarning markaziy voqealaridan biri maktablarda dasturni amalga oshirishning yangi shakli – “Food-laboratoriya” taqdimoti bo‘ldi. Bu o‘quvchilarga to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillarini amaliy tajribalar va ilmiy kuzatuvlar orqali o‘rganish imkonini beruvchi noyob interaktiv mashg‘ulotdir. Mashg‘ulot davomida o‘quvchilar tibbiyot yo‘nalishi talabalari bilan birgalikda turli oziq-ovqat mahsulotlarining xususiyatlari va ularning inson ratsionidagi o‘rnini namoyish etuvchi tajribalarda ishtirok etdilar.
“Nestlé uchun pedagoglar, ota-onalar va mutaxassislarni yagona maqsad – kelajak avlodning sog‘lom, o‘ziga ishongan va ongli bo‘lib voyaga yetishiga ko‘maklashish yo‘lida birlashtirayotgan tashabbusning bir qismi bo‘lish alohida ahamiyatga ega. Biz 2025–2026-o‘quv yili natijalaridan mamnunmiz va bolalar farovonligiga qaratilgan ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz”, – dedi O‘zbekistondagi Nestlé kompaniyasi bosh direktori Sergey Lysiuk.
Seminar doirasida ishtirokchilar O‘zbekistonda dastur faoliyati yakunlarini muhokama qildilar, yangi o‘quv yiliga mo‘ljallangan rejalarni ko‘rib chiqdilar hamda metodik ishlanmalar tanlovi finalchilari tomonidan taqdim etilgan ilg‘or pedagogik tajribalar bilan tanishdilar.
“Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi o‘quvchilarda ongli tanlov qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantiradi – ovqatlanishdan tortib, o‘z salomatligiga munosabatgacha. Muhimi, bu yondashuv sinf xonasidan tashqariga ham chiqadi: bolalar olgan bilimlarini oilada va kundalik hayotda qo‘llay boshlaydilar. Bunday tashabbuslar ta’lim muhitini boyitib, bolalarning uzoq muddatli farovonligiga yo‘naltirilgan zamonaviy metodikalarni joriy etishga xizmat qilayotganini ko‘rib turibmiz”, – deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori Dilshoda Norboyeva.
Bolalarda foydali odatlarni shakllantirish va o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish masalalarida idoralararo hamkorlikning o‘rni alohida ta’kidlandi. Tadbir davomida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Milliy qo‘mita raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Lola Raxmanbayeva loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgani bilan ishtirokchilarni tabriklab, ekologik mas’uliyatli avlodni tarbiyalashda davlat, biznes va ta’lim muassasalari sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini qayd etdi. “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasini amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i Zarrina Abdullayeva esa dastur modullaridan biri ekologik masalalarga bag‘ishlanganini ta’kidladi.
“Nestlé kompaniyasi bilan hamkorlik mamlakatning ekologik ta’lim sohasidagi kelajagi uchun katta ahamiyatga ega. Yosh avlod va yoshlar orasida ekologik ong va madaniyatni shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shadigan bunday modullar va loyihalarni kengaytirish maqsadga muvofiq”, – dedi Z. Abdullayeva.
Tadbir yakunida dasturni amalga oshirish va maktab o‘quvchilari orasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan pedagoglar hamda hududiy koordinatorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.