Senat “Toshkent moliya markazi toʻgʻrisida”gi qonunni muhokama qildi
Senat “Toshkent moliya markazi toʻgʻrisida”gi qonunni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun koʻrib chiqildi.
Taʼkidlaganidek, mazkur Konstitutsiyaviy Qonun mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, xalqaro kapitalni jalb qilish hamda zamonaviy moliya infratuzilmasini shakllantirish uchun muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Qonunda Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, uning faoliyatini tartibga soluvchi asosiy prinsiplar, boshqaruv tizimi, vakolatlari, shuningdek, institutsional tuzilmasi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Moliya markazi hududida investorlar uchun huquqiy barqarorlik va ishonchli sud himoyasini taʼminlashga qaratilgan normalar ham Qonunda oʻz aksini topgan.
Senatorlar Moliya markazi ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, ushbu Markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valyutada hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish vizalar olishda soddalashtirilgan maxsus tartiblar belgilanishi koʻzda tutilgan.
Muhokama davomida Qonunning ayrim normalarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qoʻyilayotgan talablarni qayta koʻrib chiqish, Toshkent xalqaro tijorat sudining har qanday xalqaro arbitrajga oid ishni, maʼmuriy-huquqiy nizolarni koʻrish hamda Konstitutsiya va qonunlarga sharh berish vakolatlarini aniqlashtirish kabi masalalarni qayta koʻrib chiqish lozimligiga eʼtibor qaratildi.
Senatorlar fikricha, mazkur takliflarni inobatga olgan holda ushbu Qonun ustida yanada puxta ishlash investorlar huquqlarining ishonchli himoyasini taʼminlash hamda Toshkent xalqaro moliya markazining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Qizgʻin muhokama natijasida Konstitutsiyaviy Qonunni takomillashtirish boʻyicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga yuborish, senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish hamda manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda uni qayta ishlash maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi.
Muhokama yakunida Senatning ushbu Konstitutsiyaviy Qonunni takomillashtirish yuzasidan qarori qabul qilindi.