O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Senat ov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartirishlarni ma'qulladi

UzDaily · 13.06.2026 · 18:25 · 34 views
Senat ov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartirishlarni ma'qulladi

Senat ov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartirishlarni ma'qulladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ov qilish va ovchilar tayyorlash tartibini tizimlashtirish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish, ovchilik xoʻjaliklarida bioxilma-xillikni koʻpaytirish va  undan oqilona foydalanish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ovchilik xoʻjaliklarini tashkil etish uchun  yer uchastkalari ajratish, ov qilishni faqat belgilangan joylarda amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, ovchilikka taalluqli hujjatlarni berish jarayonlarini raqamlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Qurol toʻgʻrisida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunda ovchilik guvohnomasi davlat xizmatlari orqali, ovchilik yoʻllanmasi  esa maxsus elektron dastur orqali berilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek,  ovchilik xoʻjaliklarini tashkil etish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlardan hamda oʻrmon fondi yerlaridan 10 gektargacha yer  ovchilik bazalari uchun hamda 100 gektargacha yer pitomniklar barpo etish uchun investitsiyaviy hamda shartnomaviy majburiyatlar belgilangan holda elektron onlayn-auksion orqali ijaraga   berilishi nazarda tutilmoqda.

Eng muhimi, agar 2 yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror koʻpaytirish boʻyicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror koʻpaytirish uchastkasi tashkil etilmasa, ijara shartnomasi bekor qilinishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ovchilik guvohnomalari va yoʻllanmalarini berishga, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni belgilash hamda taqsimlashning ilmiy asoslangan tartibini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Qonun ov qilishni faqat ovchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan joylarda, shuningdek erkin ov qilish joylarida amalga oshirishni belgilashga, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarda hamda oʻrmon fondi yerlarida ovchilik xoʻjaliklarini tashkil etish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi asosida ajratishni tartibga solish qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

 Muhokama jarayonida taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi ovchilik sohasida yagona va shaffof huquqiy mexanizmlarni yaratishga, sohada nazoratni kuchaytirishga, yovvoyi hayvonlar resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlashga hamda ovchilik xoʻjaliklarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

 Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

UzDaily · 👁 34 views · 13.06.2026 · 18:25