O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Samarqand hokimiga pedagoglar masalasida ogohlantirish

UzDaily tahririyati · 25.06.2026 · 18:33 · 22 views
Samarqand hokimiga pedagoglar masalasida ogohlantirish

Samarqand hokimiga pedagoglar masalasida ogohlantirish

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Davlat mehnat inspeksiyasi Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilar tarkibini ko‘chalarni obodonlashtirish ishlari va monitoring tadbirlariga jalb qilish tashabbusi munosabati bilan rasmiy ogohlantirish yubordi. Mazkur tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Inspeksiya amaldagi qonunchilikka muvofiq pedagog xodimlarni kasbiy vazifalariga daxldor bo‘lmagan faoliyatga majburiy tarzda jalb qilish taqiqlanganini eslatdi. Qayd etilishicha, bunday tashabbus amalda qo‘llanilgan taqdirda u majburiy mehnat sifatida baholanishi mumkin.

Hokim nomiga yuborilgan ogohlantirishda pedagoglarni o‘z xizmat vazifalari doirasidan tashqari ishlarga jalb qilish qonunchilik talablariga zid ekani, bunday qoidabuzarliklar uchun esa huquqiy javobgarlik belgilangani taʼkidlangan.

Mehnat inspeksiyasi har qanday tashabbusni amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish, shuningdek, pedagog xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash zarurligini alohida qayd etdi.