O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Xitoy energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

UzDaily · 17.06.2026 · 17:22 · 38 views
Oʻzbekiston va Xitoy energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Xitoy energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Milliy energetika boshqarmasi rahbari Van Xunchji boshchiligidagi ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda “China Energy Engineering Corporation”, “China Datang”, “Sinoma Energy Conservation”, “China Southern Power Grid”, “CAMCE”, “CNNC”, “State Nuclear Uranium Resource Development” kompaniyalari rahbarlari hamda “The Export-Import Bank of China” va “Bank of China” vakillari ishtirok etdi.

Energetika va geologiya sohalarida oʻzaro manfaatli yuqori texnologik loyihalarni ilgari surish, bank-moliya borasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston – Xitoy hamkorligi savdo-iqtisodiyot va investitsiya yoʻnalishlarida jadal surʼat bilan rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Yilning oʻtgan davrida tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollardan oshdi, Xitoydan 8 milliard dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻzlashtirildi. Mamlakatimizda qariyb 6 mingta qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

“Yashil” energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi. Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida Oʻzbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiyani saqlash tizimlari qurilmoqda.

Ushbu loyihalarni tezlashtirish hamda fotoelektr stansiyalar quvvatini kengaytirish, agrovoltaikani joriy etish va elektr uzatish liniyalarini qurish kabi yangi tashabbuslarni boshlash rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Chiqindilarni qayta ishlash hisobiga energiya ishlab chiqarish, data-markazlar va boshqa zamonaviy texnologik yechimlarni rivojlantirish sohasidagi aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Togʻ-kon va geologiya sohalaridagi hamkorlik istiqbollari boʻyicha fikr almashildi. Bu borada konlarda birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va ularni oʻzlashtirish, muhim xomashyoni yetkazib berish sohasida uzoq muddatli sheriklikni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilmoqda.

Muzokaralarda Xitoyning yirik banklari bilan moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yuqori tezlikda harakatlanishga moʻljallangan avtomobil yoʻllari va gidroelektrostansiyalarini barpo etish, qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish hamda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv ishtirokchilari davlatimiz rahbariga proaktiv muloqot uchun minnatdorlik bildirib, erishilgan kelishuvlarni soʻzsiz amalga oshirishga qatʼiy intilishini tasdiqladilar.

UzDaily · 👁 38 views · 17.06.2026 · 17:22